Xitoydagi poyabzal fabrikasida yuz bergan yong‘in oqibatida 28 kishi halok bo‘ldi

Iyul 10, 2026. 11:00 • 2 daq

107
Xitoydagi poyabzal fabrikasida yuz bergan yong‘in oqibatida 28 kishi halok bo‘ldi
“Sinxua” AA surati

PEKIN, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Fuszyan provinsiyasidagi “Huiteng Shoes” kompaniyasiga qarashli poyabzal fabrikasida chiqqan yong‘in oqibatda 28 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Sinxua” axborot agentligi maʼlumotiga tayanib.

Fabrikadagi yong‘in 9-iyul kuni tush paytida boshlangan. Yong‘in boshlangan vaqtda korxonada 237 nafar ishchi va ikki nafar yetkazib berish xizmati xodimi bo‘lgan. 213 kishi evakuatsiya qilingan, ulardan ikki nafari shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan 26 kishining ham halok bo‘lgani tasdiqlandi.

Qutqaruv amaliyotiga 500 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi jalb etildi. Fuszyan provinsiyasi hukumati favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, hodisa tafsilotlarini o‘rganish va aybdorlarni aniqlash uchun shtab tuzdi. Shtab ixtiyoriga beshta ishchi guruhi biriktirildi.

Politsiya ehtiyotsizlikda gumon qilingan kompaniya egasi va yana bir necha mansabdor shaxsni hibsga oldi. Kompaniyaning korporativ hisobvaraqlari muzlatib qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Xitoy noqulay ob-havo sharoitlari – suv toshqinlari, momaqaldiroq va ko‘chkilarga duch kelmoqda. Ushbu tabiiy ofatlar mamlakat bo‘ylab 36 dan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish