NATOning Anqara sammiti: Ukrainaga yordam, Suriya bo‘yicha muhim qaror va Ispaniya bilan savdo aloqalarini to‘xtatish tahdidi
Iyul 09, 2026. 16:00 • 4 daq
• 125
ANQARA, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. NATOning Anqaradagi sammiti alyansning birligini namoyish etish bilan yakunlandi, biroq rasmiy bayonotlar ortida AQSH va Yevropa ittifoqchilari o‘rtasidagi ixtiloflar saqlanib qoldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vashingtonning mudofaa xarajatlarini oshirish bo‘yicha talablari, AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyat tufayli yuzaga kelgan keskinlik hamda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi qarorlar uchrashuvning asosiy mavzulari bo‘ldi.
NATO Bosh kotibi Mark Ryuttening taʼkidlashicha, alyans kelishmovchiliklarni ochiq muhokama qilish qobiliyati tufayli o‘z kuchini saqlab qolmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqchilar o‘rtasidagi bahslar tashkilotni tashqi birlikni saqlash uchun muammolarni yashirishga urinishdan ko‘ra mustahkamroq qiladi.
Sammit arafasida NATO rahbariyati AQSH Prezidenti Donald Trampning ishtirokini taʼminlashga va alyans hamjihatligini ko‘rsatishga harakat qildi. Uchrashuvning birinchi kuni mudofaa xarajatlarini oshirish, qurol-yarog‘ ishlab chiqarishni kengaytirish va avvalgi sammitlar qarorlarini, jumladan, mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirish rejasini bajarish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Donald Tramp kelgach, eʼtibor AQSHning ittifoqchilar bilan munosabatlariga qaratildi. Amerika yetakchisi hamkorlarini mudofaa uchun yetarlicha mablag‘ ajratmayotganlikda yana bir bor tanqid qildi. NATOning Eron bilan mojaroga oid pozitsiyasidan noroziligini bildirdi va Grenlandiya haqidagi bayonotlarini takrorladi.
Bunga javoban Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen mamlakat o‘z hududining har bir qarichini himoya qilishini aytib, Grenlandiya, albatta, sotilmasligini qatʼiy taʼkidladi.
Sammit doirasida Donald Tramp Ispaniyani alyansdagi “daxshatli sherik” deb atadi va mamlakat NATOning mudofaa xarajatlariga oid yangi talablarini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani uchun Madrid bilan savdo aloqalarini to‘xtatishi mumkinligini maʼlum qildi. Biroq keyinroq u Ispaniya “o‘z pozitsiyalarini tiklagani” va moliyaviy hissasini oshirishga rozi bo‘lganini aytdi.
Ochiqchasiga bildirilgan kelishmovchiliklarga qaramay, yetakchilarning yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvi vazmin ruhda o‘tdi. “BBC” manbalariga ko‘ra, Donald Tramp ittifoqchilarni AQSH NATOdan chiqish niyatida emasligiga ishontirgan. Muzokaralardan so‘ng u alyans ichidagi munosabatlarni taʼriflash uchun asosiy so‘z “birlik” ekanligini qayd etdi.
Sammitning asosiy amaliy natijasi Ukrainaga yangi yordam ko‘rsatilishi bo‘ldi. Prezident Vladimir Zelenskiy kelgusida yordam berilishi va havo hujumidan mudofaani kuchaytirish kafolatlarini olish uchun Anqaraga keldi.
Ittifoqchilar 2026-yilda Ukrainaga taxminan 70 milliard dollar harbiy yordam ajratishga va kelgusi yilda ham shunga yaqin darajadagi yordamni saqlab qolishga kelishib oldi. Ikki yil davomidagi yordamning umumiy hajmi kamida 140 milliard dollarni tashkil etishi mumkin.
Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp uchrashuvining asosiy natijalaridan biri Vashingtonning Ukrainaga “Patriot” tizimlari uchun tutib oluvchi raketalarni ishlab chiqarishga litsenziya berish vaʼdasi bo‘ldi. AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu Kiyevga zarur havo hujumidan mudofaa vositalarini mustaqil ravishda ishlab chiqarish imkonini beradi.
U, shuningdek, Rossiya urushni “iloji boricha tezroq” yakunlashga intilayotganini bildirdi. Rossiya va Ukraina yetakchilarining ehtimoliy uchrashuvi haqida gapirar ekan, u bu masalani Vladimir Putin bilan muhokama qilganini va Vladimir Zelenskiyga Moskvaga kelishni taklif etganini aytdi. Donald Trampning bunday safar haqidagi savoliga Ukraina rahbari: “Hozir Moskvada vaziyat murakkab, u yerda Ukraina dronlari bor”, – deya javob berdi.
NATOning yakuniy deklaratsiyasida Rossiya “Yevroatlantika xavfsizligi va barqarorligiga uzoq muddatli tahdid soluvchi” manba sifatida qayd etildi. Shu bilan birga, avvalgi hujjatlardagidek, Moskva endi “eng muhim va bevosita tahdid” sifatida ko‘rsatilmagan.
Sammit bilan bir vaqtda Donald Tramp Suriya rahbari Ahmad ash-Sharaa bilan uchrashib, Suriyani Amerikaning terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi qarorni eʼlon qildi. Bu qaror AQSH Kongressida ko‘rib chiqilishi kerak va AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni tiklashga sarmoya kiritish uchun yo‘l ochishi mumkin.
Sammit yakunlari NATOning rasmiy birligi saqlanib qolganini ko‘rsatdi.Ammo AQSH va Yevropa ittifoqchilari o‘rtasida davom etayotgan ixtiloflar hali yo‘qolgani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, Vashington talablari va blokning umumiy strategiyasi o‘rtasida muvozanat topish alyans uchun asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi