Xitoy iqlim o‘zgarishiga qarshi global kurashni uzluksiz davom ettiradi

Iyun 22, 2026. 20:00 • 3 daq

105
Xitoy iqlim o‘zgarishiga qarshi global kurashni uzluksiz davom ettiradi

PЕKIN/PARIJ, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. Ayrim mamlakatlarning yo‘qligiga qaramay, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha global sa’y-harakatlar davom ettiriladi, deb bayonot berdi Xitoy Ekologiya va atrof-muhit vaziri Xuan Junsyu, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters”ga tayanib.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ayrim davlatlarning xalqaro kelishuvlardan chiqishi tufayli ko‘p tomonlama jarayon to‘xtamaydi va sekinlashmaydi, dunyoning kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishi esa ortga qaytmas jarayonligicha qoladi.

Ushbu bayonot Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Kanada tomonidan BMTning iqlim bo‘yicha muzokaralarining (COP) navbatdagi raundi arafasida uyushtirilgan uchrashuvda yangradi. Mazkur muzokaralar noyabr oyida AQSH ishtirokisiz o‘tkaziladi, chunki Prezident Donald Tramp yanvarda mamlakatni Iqlim bo‘yicha Parij bitimidan olib chiqqan edi.

Vazir, shuningdek, Eron atrofidagi urush va u keltirib chiqargan neft-gaz ta’minotidagi uzilishlar ekologik toza energetikaga o‘tish zaruratini yanada kuchaytirganini ta’kidladi.

“Erondagi urush tufayli yuzaga kelgan energetika inqirozi barcha tomonlarni yashil va kam uglerodli rivojlanish bir vaqtning o‘zida ham energetik o‘tishni, ham energiya xavfsizligini ta’minlashga yordam berishini yana bir bor anglashga majbur qildi”, – deb qayd etdi Xuan Junsyu.

Shu bilan birga, bir qator Yevropa mamlakatlari g‘ayritabiiy jaziramaga duch keldi. Fransiyada yuqori harorat tufayli kelib chiqqan sog‘liq bilan bog‘liq muammolar oqibatida uch kishi vafot etdi.

“Meteo France” meteorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatning 49 ta departamentida xavflilikning qizil darajasi e’lon qilingan. Bordo shahrida havo harorati 42 darajadan oshishi mumkin.

Fransiya Sog‘liqni saqlash vaziri Stefani Ristning aytishicha, mamlakatni kamida bir necha kun davom etadigan o‘ta issiq ob-havo kutmoqda, haroratning pasayish muddati esa hozircha noma’lum.

Jazirama tufayli Fransiyadagi 2,7 mingga yaqin maktab yopiladi yoki ish tartibini o‘zgartiradi.

Ispaniyada “Aemet” davlat meteorologiya agentligi Basklar o‘lkasida xavflilikning qizil darajasini e’lon qildi. San-Sebastyan shahrida harorat 40 darajaga yetishi mumkin, bu esa mazkur sana uchun tarixiy me’yordan ikki barobardan ziyoddir.

“Aemet” vakili Ruben del Kamponing so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Ispaniyaning ko‘plab hududlarida harorat iqlim me’yoridan 5–10 daraja yuqori, ayrim shimoliy mintaqalarda esa bu tafovut 10 darajadan oshadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili g‘ayritabiiy jazirama butun Yevropa bo‘ylab harorat rekordlarini yangilagan va mintaqadagi 400 ming gektardan ortiq yerni yo‘q qilgan yirik va kuchli o‘rmon yong‘inlarining kelib chiqishiga sabab bo‘lgan edi.

“Reuters” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish