Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeri O‘zbekiston bilan mehnat migrantlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda

Iyun 22, 2026. 20:30 • 2 daq

61
Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeri O‘zbekiston bilan mehnat migrantlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda

DYUSSЕLDORF, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi vakillari Dyusseldorf shahrida Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeri davlat kotibi Kristian Virmer bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlat idorasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda tomonlar O‘zbekiston–Germaniya hududlararo hamkorligini kengaytirish, jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalar, sanoat kooperatsiyasi va gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

O‘zbekiston fuqarolarini Germaniya mehnat bozoriga uyushgan holda jalb etish, federal yerning tegishli tuzilmalari, jumladan, Shimoliy Reyn-Vestfaliya Sog‘liqni saqlash, mehnat va ijtimoiy masalalar vazirligi bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar, Germaniyaning yetakchi tarmoq birlashmalari, jumladan, Germaniya kimyo sanoati assotsiatsiyasi bilan kadrlar tayyorlash, texnologiyalarni joriy etish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. O‘zbekiston va Shimoliy Reyn-Vestfaliya o‘rtasida turizm sohasidagi almashinuvlarni kengaytirish muhimligi ham alohida qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish