Pokistonda avtobus jarlikka tushib ketishi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘ldi

Iyul 03, 2026. 17:30 • 2 daq

115
Pokistonda avtobus jarlikka tushib ketishi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘ldi

ISLOMOBOD, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning Belujiston viloyatida yo‘lovchi avtobusi jarlikka tushib ketishi natijasida kamida 40 kishi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri “Geo News” telekanaliga tayanib.

Politsiya maʼlumotiga ko‘ra, hodisa Job okrugi Danacar hududida tormoz tizimining ehtimoliy ishdan chiqishi oqibatida sodir bo‘lgan. Ushbu hodisada jarohat olgan sakkiz kishi okrug shifoxonasiga yetkazilgan.

Belujiston bosh vazirining OAV masalalari bo‘yicha yordamchisi Shahid Rindning maʼlum qilishicha, avtobus Kvettadan Islomobodga yo‘l olgan bo‘lib, hodisa vaqtida unda 48 yo‘lovchi bo‘lgan. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, transport vositasiga ortiqcha yuk ortilgan – unga avval buzilib qolgan boshqa avtobus yo‘lovchilari ham o‘tirib olgan.

Belujiston va qo‘shni Xayber-Paxtunxva viloyati hokimiyati vakillari qutqaruv operatsiyasini birgalikda olib bormoqda. Ishlarga Tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasi (PDMA), tibbiy xizmatlar, Chegara korpusi bo‘linmalari va boshqa tegishli idoralar jalb etilgan.

Belujiston hukumati hodisa sabablarini tekshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Transport vaziriga barcha holatlarni aniqlash va batafsil hisobot taqdim etish vazifasi yuklatildi. Shahid Rindning aytishicha, tekshiruv xolis olib boriladi va har qanday masʼuliyatsizlik holatlariga tegishli baho beriladi.

Pokiston prezidenti Osif Ali Zardoriy halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirdi hamda jabrlanganlarga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishini topshirdi.

Shu bilan birga, qo‘shni Afg‘onistonda yana bir fojia sodir bo‘ldi: Pokistondan qaytib kelayotgan 22 afg‘on qochog‘ini olib ketayotgan yuk mashinasi Kabul–Jalolobod yo‘lida daryoga tushib ketdi. Harbiylar maʼlumotiga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana o‘n kishi bedarak yo‘qolgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish