O‘zbekiston diplomatlari ko‘magida mamlakatimiz pravoslav ziyoratchilari Quddusda Muqaddas olov tushishi marosimida ishtirok etib, uni Toshkentga olib kelishdi
Aprel 12, 2026. 10:46 • 2 daq
• 236
TEL-AVIV, 12-aprel. /“Dunyo” AA/. Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi delegatsiyasi Quddusda Muqaddas olov tushish marosimida ishtirok etdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muhbiri.
Joriy yilning 10-11 aprel kunlari mitropolit Vikentiy boshchiligida Pravoslav cherkovining Toshkent va O‘rta Osiyo yeparxiyasi delegatsiyasi Quddus shahriga tashrif buyurib, Quddusdagi Ilohiy qabr ibodatxonasida (Xram groba gospodnya) bo‘lib o‘tgan Muqaddas olov tushish marosimida ishtirok etdi.
Ushbu nufuzli diniy tadbirda delegatsiyaning ishtiroki millatlar va konfessiyalar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, muloqot va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Quddusda bo‘lib o‘tgan tadbirlar doirasida mitropolit Vikentiy ushbu safarning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
«Ushbu ezgu missiyani tashkil etishda ko‘rsatilgan yordam uchun O‘zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorchilik bildiraman. Bugungi murakkab sharoitda bu kabi ko‘mak alohida ahamiyat kasb etib, xalqlar o‘rtasidagi maʼnaviy aloqalarni yana-da mustahkamlaydi», – dedi mitropolit Vikentiy.
Muqaddas olov tushish marosimi har yili dunyoning turli mamlakatlaridan minglab ziyoratchilarni jamlab, maʼnaviy birlik va umid timsoli sifatida qadrlanadi.
O‘zbekistonga qaytib kelgach, Muqaddas olov mamlakatdagi cherkovlarga yetkazildi va pravoslav moʻminlar ushbu muqaddas nurdan shamlarini yoqib, Pasxa anʼanalarini davom ettirishlari mumkin bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi