Logo

Toshkentda Jahon savdo tashkiloti modeli bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazildi

Aprel 09, 2026. 19:28 • 3 daq

144
Toshkentda Jahon savdo tashkiloti modeli bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazildi

TOSHKENT, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Jahon savdo tashkiloti modeliga bag‘ishlangan Toshkent xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ikki kun davom etgan ushbu forum universitetning Jahon savdo tashkiloti kafedrasi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.

Mazkur tashabbus Jahon savdo tashkilotining institutsional jarayonlarini amaliy jihatdan qayta yaratishga qaratilgan bo‘lib, ishtirokchilarga xalqaro savdo huquqi, savdo diplomatiyasi, ko‘p tomonlama muzokaralar hamda savdo nizolarini hal qilish mexanizmlari bo‘yicha chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish imkonini berdi.

Forumda Qozog‘iston, Hindiston, Yaponiya va O‘zbekistondan tashrif buyurgan ishtirokchilar — talabalar, yosh tadqiqotchilar hamda xalqaro savdo va iqtisodiy boshqaruv sohasiga qiziqqan istiqbolli mutaxassislar qatnashdi.

“Barqaror global iqtisodiyot uchun ko‘p tomonlama savdoni isloh qilish” shiori ostida o‘tgan forum bugungi kunda xalqaro savdo tizimi oldida turgan dolzarb muammolarga bag‘ishlandi.

Forum ishtirokchilari jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar, global taʼminot zanjirlaridagi uzilishlar, savdo va barqaror rivojlanish masalalari haqida fikr almashdi.

Tadbirda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga aʼzo bo‘lish jarayoni, mamlakatning global iqtisodiyotga qoidalarga asoslangan integratsiyasini taʼminlashga qaratilgan strategik maqsadlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ishtirokchilar JSTning asosiy jarayonlarini simulyatsiya qildi. Ular qo‘mita majlislari shaklida muzokaralar olib borish, huquqiy masalalarni tahlil qilish, dalillar keltirish va savdo nizolarini hal qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Bu jarayon ishtirokchilarga davlatlar xalqaro savdoda o‘z manfaatlarini qanday himoya qilishi, muzokaralar olib borishi, koalitsiyalar tuzishi va murosaga kelish mexanizmlaridan qanday foydalanishini chuqur anglash imkonini berdi.

Bunday tadbirlar O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Mamlakatning JSTga qo‘shilish jarayoni faol bosqichga kirgan bir paytda, xalqaro savdo qoidalari bilan ishlay oladigan, muzokaralarda samarali ishtirok etadigan va milliy manfaatlarni xalqaro maydonda himoya qila oladigan malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Shu maʼnoda, mazkur forum milliy ekspertlar va yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladigan muhim akademik maktab vazifasini bajardi.

O‘zbekiston Prezidentining Jahon savdo tashkilotidagi vakili Azizbek Urunov yurtimizning JSTga aʼzo bo‘lish jarayonining strategik ahamiyati, muzokaralarning murakkabligi hamda ichki islohotlarni xalqaro qoidalarga moslashtirish zarurati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Forum davomida ishtirokchilar ko‘p tomonlama savdo boshqaruvini isloh qilish, global iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash, savdo va rivojlanish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, savdo nizolarini hal qilishning huquqiy va institutsional mexanizmlari kabi masalalarni keng muhokama qildi.

Umuman olganda, mazkur xalqaro forum taʼlim, amaliyot va davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda, oliy taʼlim muassasalari, ekspertlar hamjamiyati va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Shu bilan birga, u kelajakda xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimida faol ishtirok etadigan, yuqori malakali va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish