O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarida partiyalararo aloqalar kengaymoqda
Aprel 12, 2026. 13:51 • 2 daq
• 9
TOKIO, 12-aprel. /“Dunyo” AA/. Elchixona ko‘magida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) hamda Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarda o‘zbek tomoniga O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov boshchilik qildi. Yapon tomonidan esa Yaponiya Parlamenti Vakillar palatasi deputati, Liberal-demokratik partiya Xalqaro aloqalar byurosi direktori Taro Kono ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Taro Kono mazkur muloqot O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi partiyalararo hamkorlik tarixida ilk bor tashkil etilayotganini taʼkidlab, uning tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Ushbu muloqotlar 2025 yil dekabr oyida O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi ekani eʼtirof qilindi.
Taro Kono 2019 yilda O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga tashrifi chog‘ida Yaponiya Hukumati tarkibida faoliyat yuritganini hamda sobiq bosh vazir Sindzo Abe bilan birgalikda ushbu tashrifni tashkil etishda ishtirok etganini esladi.
Yapon tomoni O‘zLiDeP bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirib, ayniqsa, 2025 yil dekabr oyidagi oliy darajadagi tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, jumladan taʼlim va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi.
O‘z navbatida, Aktam Xaitov O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida siyosiy partiyalar faoliyatini takomillashtirish, ularning jamiyat hayotidagi rolini oshirish va demokratik islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani haqida maʼlumot berdi. U partiyalararo hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, muloqotni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish uchun aloqa kanali tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Taro Kono bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, u shu yil may oyida O‘zbekistonga rejalashtirilgan tashrifi doirasida mazkur masalalarni batafsil muhokama qilishni taklif etdi. Ushbu tashrif doirasida partiyalar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash tashabbusi ilgari surilib, mazkur hujjat kelgusidagi hamkorlik uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi aytildi.
Shu bilan birga, yapon tomoni O‘zLiDeP delegatsiyasini Yaponiyaga tashrif bilan kelishga taklif etdi hamda o‘zaro tashriflarni muntazam yo‘lga qo‘yish muhimligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, partiyalararo hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi