Logo

Kobulda birinchi "Markaziy Osiyo – Afg‘oniston" maslahat muloqoti bo‘lib o‘tdi

Aprel 06, 2026. 11:00 • 2 daq

165
Kobulda birinchi "Markaziy Osiyo – Afg‘oniston" maslahat muloqoti bo‘lib o‘tdi

KOBUL, 6-aprel. /“Dunyo” AA/.  Joriy yilning 5 aprel kuni Afg‘oniston poytaxtida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston o‘rtasida birinchi maslahatlashuv muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Ariananews” elektron nashrida taʼkidlanishicha, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanayotgan ushbu yuqori darajadagi tadbirda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati — O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘istondan vakillar ishtirok etdi. Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur muloqot diplomatik muvofiqlashtirishni osonlashtirish, iqtisodiy integratsiyani kengaytirish va yangi ko‘p tomonlama siyosiy mexanizm yaratishga qaratilgan.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy mintaqaviy diplomatiyaning ushbu yangi platformasi o‘zaro ishonch va barqarorlikni mustahkamlashda tayanch bo‘lishini taʼkidladi. U o‘z nutqida mintaqa xalqlarini bog‘lab turgan chuqur tarixiy va madaniy ildizlarga, xususan, Imom Buxoriy va Imom Abu Hanifa kabi ulug‘ mutafakkirlarning umumiy merosiga alohida to‘xtaldi. «Bizning munosabatlarimiz qarama-qarshilik emas, balki hamkorlik va farovonlikka intilish tamoyillari asosida qurilgan», — dedi Amir Xon Muttaqiy.

Muzokaralar markazida iqtisodiy va energetik loyihalar turdi. Qayd etilishicha, 2025-yilda Afg‘onistonning Markaziy Osiyo bilan savdo aylanmasi 2,7 milliard dollarga yetgan va yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. TAPI gaz quvuri qurilishi, CASA-1000 energetika loyihasi va «Lapis Lazuli» transport yo‘lagini rivojlantirish mintaqaviy bog‘liqlikni taʼminlovchi strategik ustuvor yo‘nalishlar sifatida eʼtirof etildi.

Shuningdek, xavfsizlik va chegaralarni boshqarish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Afg‘onistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan 2300 kilometrdan ortiq umumiy chegaraga ega ekanini inobatga olib, giyohvand moddalar savdosi, noqonuniy migratsiya va ekstremizm kabi transchegaraviy tahdidlarga qarshi qo‘shma kurashish choralari muhokama qilindi. Afg‘oniston tomoni muammolarni diplomatiya va o‘zaro hurmat asosida, tinch yo‘l bilan hal etishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

Yakunda Amir Xon Muttaqiy hamkorlikni tizimli davom ettirish uchun muntazam maslahatlashuv mexanizmini shakllantirish, qo‘shma xavfsizlik tizimini yaratish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirish kabi qator amaliy takliflarni ilgari surdi. Ushbu muloqot Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochib, mintaqada barqaror rivojlanish va farovonlikka xizmat qilishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish