Toshkentda bo‘lib o‘tgan "UzFood 2026" xalqaro forumida Germaniya texnologiyalari va innovatsiyalari eʼtiborni o‘ziga tortdi
Aprel 10, 2026. 11:02 • 2 daq
• 114
TOSHKENT, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” majmuasida “Oziq-ovqat sanoati, mahsulotlari va ishlab chiqarish texnologiyalari – UzFood 2026” nomli xalqaro ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu yilgi ko‘rgazma ko‘lami rekord darajaga yetdi: 26 mamlakatdan 500 dan ortiq kompaniya ishtirok etgani O‘zbekistonning jahon oziq-ovqat bozoridagi muhim bo‘g‘in sifatidagi mavqei tobora ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Ekspozitsiyada Germaniya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi tomonidan tashkil etilgan pavilyon alohida o‘rin egalladi. “Made in Germany” brendi ostida 18 ta yetakchi kompaniya o‘z texnologik yechimlarini, o‘nlab turdagi zamonaviy mahsulot va servis xizmatlarini namoyish etdi.
Ishbilarmonlik dasturi ko‘rgazma maydonini to‘laqonli ishchi platformaga aylantirdi. Unda “Jet-Team Consult”, “Nissei ASB GmbH”, “Flottweg SE”, “Becker Vacuum & Air Equipment” kabi brendlar mamlakat agrosanoat majmuasiga ilg‘or tajribalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Ayniqsa, ishtirokchilar eʼtiborini meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashga bag‘ishlangan taqdimot o‘ziga qaratdi. Unda shokli muzlatish liniyalarini ishga tushirish, liofil quritish va zamonaviy logistika markazlari yo‘nalishlari namoyish qilindi.
Ushbu yo‘nalishlar davlatning yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan iqtisodiy strategiyasiga to‘la mos keladi. Saqlash va qadoqlashning Yevropa standartlarini qo‘llash o‘zbek markalarining tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun bugungi kunda Yevropa maydonlariga chiqishning noyob imkoniyatlari, jumladan, “GSP+” imtiyozlar tizimi va “REX” tizimida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratilganini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi