Xitoyning bir qancha hududida tabiiy ofatlar oqibatida odamlar halok bo‘ldi, keng ko‘lamli suv toshqinlari yuz berdi
Iyul 07, 2026. 18:00 • 3 daq
• 136
PEKIN, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Xitoyning bir necha mintaqasida halokatli ob-havo oqibatlari bilan kurash ishlari davom etmoqda: Xubeyda momaqaldiroq sakkiz kishining umriga zomin bo‘lgan bo‘lsa, Gansuda ko‘chki tufayli kamida 16 kishi vayronalar ostida qolmoqda, Guansi va Guandunda esa suv toshqinlari sababli eng yuqori xavf darajasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
XXRning “Sinxua” rasmiy axborot agentligi xabariga ko‘ra, 6-iyul kuni kechqurun kuchli momaqaldiroq va dovul Xuanshi, Xuangan, Echjou va Syannin shaharlarini qamrab olgan. Ayrim hududlarda shamol tezligi 149 km/soatga yetgan, baʼzi aholi punktlarida tornadolar qayd etilgan.
Eng jiddiy talafot Xuangan shahrining Xuanchjou tumanidagi uchta dahaga yetgan. Ofat oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. 7-iyul ertalabki holatga ko‘ra, jabrlanganlar soni 275 nafarga yetgan, yana 408 nafar aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Shu bilan birga, G‘arbiy Gansu provinsiyasining tog‘li hududida yuz bergan ko‘chki joyida qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. Taʼkidlanishicha, dastlab vayronalar ostida 33 kishi qolib ketgan. Qutqaruvchilar 17 kishini olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan, biroq kamida 16 kishi hamon vayronalar ostida qolmoqda. XXR Raisi Si Szinpin odamlarni qutqarish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur kuchlarni jalb etishni topshirdi.
Mamlakat janubida ham murakkab gidrologik vaziyat saqlanib qolmoqda. Bugun Guansi-Chjuan avtonom rayoni hukumati suv toshqini xavfi haqidagi ogohlantirish darajasini milliy xabardor qilish tizimidagi eng yuqori – “qizil” darajaga ko‘tardi. Keyinroq xuddi shunday xavf darajasi qo‘shni Guandun provinsiyasida ham eʼlon qilindi.
Sinoptiklar noqulay ob-havo sharoiti saqlanib qolishidan ogohlantirmoqda. Kelgusi sutkada Guansi, Sharqiy Szyansu va Shandun provinsiyalarida 260 mm.gacha yog‘in bilan kuchli jala yog‘ishi kutilmoqda. Bu yangi suv toshqinlari va ko‘chkilarni keltirib chiqarishi mumkin. Mamlakatning shimoli-sharqiy va janubiy hududlarida ham tornado xavfi saqlanib qoladi.
Bundan tashqari, Xitoy Tinch okeani orqali Tayvan tomon harakatlanayotgan “Bavi” supertayfunining yaqinlashishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. AQSH Milliy meteorologiya xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, tayfun hududida shamol tezligi 290 km/soatga yetadi. Avvalroq ushbu ofat Guam, Tinian, Saypan va Rota orollariga ham zarar yetkazgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi