Filippin Senati vitse-prezidentga nisbatan impichment jarayonini boshladi
Iyul 06, 2026. 18:00 • 2 daq
• 85
MANILA, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Filippin Senati mamlakat vitse-prezidenti Sara Dutertega nisbatan impichment sudi sifatida ishni ko‘rib chiqishga kirishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The Associated Press” agentligiga tayanib.
Sud jarayoni Duterte oilasi va Filippin prezidenti kichik Ferdinand Markos o‘rtasidagi siyosiy qarama-qarshilik fonida kechmoqda. Vitse-prezident tarafdorlari va muxoliflarning namoyishlari kutilayotgani sababli, Senat binosi atrofida xavfsizlikni taʼminlash uchun ommaviy tartibsizliklarga qarshi kurash bo‘linmalari ham jalb etilgan 6 mingdan ortiq politsiya xodimi safarbar qilindi.
Sara Duterte davlat mablag‘larini maqsadsiz sarflash, noqonuniy mol-mulk orttirish, mansabdor shaxslarga pora berish hamda prezident va uning rafiqasi shaʼniga ommaviy tahdid qilishda ayblanmoqda. Vitse-prezident barcha ayblovlarni rad etgan.
Agar u aybdor deb topilsa, umrbod davlat lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etilishi mumkin. Bu esa uning 2028-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashish rejalarini xavf ostiga qo‘yadi.
Ayblov hukmini chiqarish uchun senatorlarning kamida uchdan ikki qismi ovoz berishi talab etiladi. Siyosatshunoslarning fikricha, hozirgi bosqichda tomonlarning imkoniyatlari deyarli teng. Fevral oyida Quyi palataning 215 nafardan ortiq aʼzosi unga qarshi shikoyatni imzolab, Senatga petitsiya yo‘llagan edi.
Kuzatuvchilar bu jarayonni mamlakatning ikki yirik siyosiy sulolasi o‘rtasida davom etayotgan siyosiy ziddiyatning bir qismi sifatida baholamoqda. 2022-yilgi saylovlarda Sara Duterte va kichik Ferdinand Markos yagona siyosiy tandem sifatida ishtirok etgan, biroq keyinchalik ularning ittifoqi parchalanib ketgan edi. Hozirgi vitse-prezidentning otasi, insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanib, Gaagada sud jarayonini kutayotgan sobiq prezident Rodrigo Dutertening hibsga olinishi munosabatlarga qo‘shimcha keskinlik bag‘ishladi.
Jarayon 92 kun davom etishi kutilmoqda. Shundan so‘ng, senatorlar qo‘yilgan ayblovlarning har biri bo‘yicha ovoz beradi. Garchi Filippinda impichment tartib-taomillari avval ham o‘tkazilgan bo‘lsa-da, shu vaqtga qadar birorta ham yuqori martabali siyosatchi ushbu jarayon yakunlariga ko‘ra lavozimidan butunlay chetlatilmagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi