AQSH BMTga 725 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda

Avgust 22, 2026. 17:30 • 2 daq

190
AQSH BMTga 725 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda

VASHINGTON, 22-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSH BMTning muntazam byudjetiga 725 million dollar to‘lashni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

AQSH Davlat departamentining ta’kidlashicha, mablag‘ ajratilishi BMTda islohotlarni davom ettirish va tashkilot xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha choralarning amalga oshirilishiga bog‘liq bo‘ladi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida AQSHning tashkilot oldidagi qarzi 4 milliard dollardan oshgan. Shundan 2,04 milliard dollar BMTning muntazam byudjeti, 2,2 milliard dollar esa tinchlikparvarlik operatsiyalari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni tashkil etmoqda. Qayd etish lozimki, AQSH hozirda BMT tizimidagi eng yirik moliyaviy hissador hisoblanadi.

BMTning moliyaviy holatidagi keskinlik fonida tashkilot 2026-yil uchun tasdiqlangan byudjetni 9,2 foizga qisqartirishga majbur bo‘lgan. Xarajatlarni optimallashtirish maqsadida Nyu-York va Jeneva singari yashash va ishlash qimmat bo‘lgan shaharlardagi 2 mingdan ziyod ish o‘rnini nisbatan arzon markazlarga ko‘chirish choralari ham ko‘rilmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, AQSH tomonidan rejalashtirilayotgan 725 million dollarlik to‘lov BMTning qisqa muddatli moliyaviy ehtiyojlarini qoplashga muayyan darajada yordam berishi mumkin. Biroq mazkur mablag‘ AQSHning tashkilot oldidagi qarzini to‘liq qoplash uchun yetarli emas.

“Reuters” agentligi saytidan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish