Logo

Londondagi nufuzli marafon shousida O‘zbekiston stendi namoyish etildi

Aprel 24, 2026. 08:10 • 2 daq

396
Londondagi nufuzli marafon shousida O‘zbekiston stendi namoyish etildi

LONDON, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 7-8-noyabr kunlari o‘tkaziladigan “Samarkand Marathon” (Samarqand marafoni)ning taqdimoti London shahridagi nufuzli “TCS London Marathon Show” ko‘rgazmasida namoyish qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir dunyoning eng nufuzli marafonlaridan biri bo‘lmish “London Marathon” doirasida o‘tkaziladigan yirik xalqaro sport ko‘rgazmasi bo‘lib, u yugurish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun muhim platforma sifatida xizmat qiladi.

Ko‘rgazma davomida “Samarkand Marathon” stendi mehmonlariga O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak sport tadbiri, jumladan, poyga yo‘nalishlari, ishtirok etish shartlari va turistik imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror meʼmorchiligi va zamonaviy infratuzilmasi bilan tanishdilar.

Taʼkidlash joizki, bunday xalqaro tadbirlardagi ishtirok O‘zbekistonda sport turizmini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Samarqandda marafon o‘tkazish orqali xorijlik yugurish havaskorlarini jalb etish, madaniy almashinuvni kengaytirish hamda mamlakatning ijobiy qiyofasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish