O‘zbekistonlik investor Germaniyaning anʼanaviy to‘qimachilik korxonasini sotib olishni rejalashtirmoqda
Aprel 25, 2026. 11:55 • 2 daq
• 206
BERLIN, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Ostdeutschen Allgemeinen” elektron nashri Saksoniya federal o‘lkasida joylashgan, ko‘p yillik tarixga ega “Damino” to‘qimachilik korxonasi o‘zbekistonlik investor tomonidan sotib olinishi haqida maqola eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maʼlum qilinishicha, Grossshyonau shahrida faoliyat yurituvchi mazkur korxonani saqlab qolish yuzasidan tegishli muzokaralar olib borilmoqda. O‘zbekistonlik investor korxonani sotib olishga qiziqish bildirgan va xarid qiymatining bir qismini allaqachon to‘lagan. Qayd etilishicha, sotib olish bo‘yicha shartnoma korxona kreditorlari bankrotlik rejasini maʼqullaganidan so‘nggina kuchga kiradi.
Nemis matbuoti maʼlumotiga ko‘ra, 2025-yil sentyabr oyidan beri o‘z-o‘zini boshqarish tartibida bankrotlik jarayonini boshdan kechirayotgan “Damino” ayni vaqtda 50 nafarga yaqin xodimni ish bilan taʼminlab kelmoqda. Bankrotlik jarayoni boshlanishi arafasida esa korxonada qariyb 120 nafar kishi mehnat qilgan.
Xabarda aytilishicha, o‘zbekistonlik investor Grossshyonau hamda Chexiyaning Fridlant shahridagi ish o‘rinlarini saqlab qolish, shuningdek, yuz yildan ziyod tarixga ega damashk to‘qimachiligi anʼanalarini davom ettirish niyatida. Korxona, jumladan, dasturxonlar, shuningdek, samolyot va poyezdlar uchun o‘rindiq qoplamalari ishlab chiqaradi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur tashabbus amaliy natija bergan taqdirda, u Germaniyadagi tarixiy sanoat korxonasini saqlab qolish bilan bir qatorda, O‘zbekiston sarmoyadorlarining Yevropa bozoridagi ishtirokini yana-da kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi