Eron AQShning Hurmuz bo‘g‘ozidagi mamlakat portlari blokadasi tufayli Islomobodga muzokarachilarni yubormaydi
Aprel 20, 2026. 11:22 • 2 daq
• 176
TEHRON, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. Eron hukumati Vashington mamlakatning Hurmuz bo‘g‘ozidagi portlarini blokada qilishda davom etayotgan bir paytda Pokistonda AQSh bilan muzokaralarda ishtirok etishni rejalashtirmayapti, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.
Eslatib o‘tamiz, Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi 11 va 12-aprel kunlari Pokiston poytaxti Islomobodda bo‘lib o‘tgan va natijasiz yakunlangan edi.
Qayd etilishicha, ushbu uchrashuvdan so‘ng tomonlar vositachilar orqali xabar almashishni davom ettirgan, biroq Eron tomoni nuqtai nazaridan, muloqot Qo‘shma Shtatlarning “haddan tashqari talablari va ambitsiyalari” tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp 20-aprel kuni Islomobodda Eron bilan muzokaralarning yangi bosqichiga Amerika delegatsiyasi kelishini ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy Tehronga “halol va oqilona kelishuv” taklif qilmoqda. “Umid qilamanki, ular uni qabul qilishadi, chunki aks holda AQSh Erondagi har bir elektr stansiyasi va har bir ko‘prikni ishdan chiqaradi”, – deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.
U, shuningdek, dam olish kunlari AQSh harbiy-dengiz kuchlari Vashington tomonidan o‘rnatilgan Eron portlarining dengiz blokadasini chetlab o‘tishga uringan Eron yuk kemasini O‘mon ko‘rfazida o‘qqa tutib, qo‘lga olganini taʼkidladi.
Eronning birlashgan harbiy qo‘mondonligi AQShni sulhni buzganlikda ayblab, tez orada “dengiz va qurolli talonchilik” harakatiga javob berishga vaʼda berdi. “Tasnim” axborot agentligining xabar berishicha, hozirda Eron Pokistonga muzokaralar olib borish uchun delegatsiya yuborishga qaror qilmagan, chunki “AQShning dengiz blokadasi mavjud”.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaman husiylari, agar AQSh Prezidenti Donald Tramp “tinchlikka to‘sqinlik qiluvchi barcha harakatlarni” to‘xtatmasa, Bob al-Mandeb bo‘g‘ozini yopishi mumkin, dedi husiylar hukumati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Husayn al-Ezzi X ijtimoiy tarmog‘ida.
“AFP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi