Pokistonda o‘zbek adabiyoti va tilshunosligiga bag‘ishlangan kitoblar chop etildi

May 23, 2026. 09:10 • 4 daq

131
Pokistonda o‘zbek adabiyoti va tilshunosligiga bag‘ishlangan kitoblar chop etildi
Pokistonda o‘zbek adabiyoti va tilshunosligiga bag‘ishlangan kitoblar chop etildi
Pokistonda o‘zbek adabiyoti va tilshunosligiga bag‘ishlangan kitoblar chop etildi
Pokistonda o‘zbek adabiyoti va tilshunosligiga bag‘ishlangan kitoblar chop etildi
Pokistonda o‘zbek adabiyoti va tilshunosligiga bag‘ishlangan kitoblar chop etildi
Pokistonda o‘zbek adabiyoti va tilshunosligiga bag‘ishlangan kitoblar chop etildi
Pokistonda o‘zbek adabiyoti va tilshunosligiga bag‘ishlangan kitoblar chop etildi
Pokistonda o‘zbek adabiyoti va tilshunosligiga bag‘ishlangan kitoblar chop etildi
Pokistonda o‘zbek adabiyoti va tilshunosligiga bag‘ishlangan kitoblar chop etildi
Pokistonda o‘zbek adabiyoti va tilshunosligiga bag‘ishlangan kitoblar chop etildi

ISLOMOBOD, 23-may. /“Dunyo” AA/. Pokiston Milliy tillarni rivojlantirish departamentida taniqli o‘zbek yozuvchilarining hikoyalari o‘rin olgan “XX asr nasri namunalari” kitobi hamda “O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar” lug‘atining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Pokiston milliy meros va madaniyat federal vaziri Avrangzeb Xon Khichi, Senat Raisining maslahatchisi Misbah Khar, Senat aʼzosi Muhammad Talha Mahmud, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, parlament palatalari aʼzolari, Turkmaniston, Rossiya, Turkiya, Tojikiston, Eron elchilari va diplomatlar, biznes va ilmiy-akademik doiralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, Islomobod va unga tutash hududlarda istiqomat qiluvchi vatandoshlar qatnashdi.

Taqdimotni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev ochib berdi. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Elchi O‘zbekiston­–Pokiston munosabatlarining bugungi holati xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, davlatimiz rahbarining joriy yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama sheriklik munosabatlarini barcha yo‘nalishda yangi bosqichga ko‘targanini qayd etdi. Taqdimoti o‘tkazilayotgan mazkur kitoblar ushbu tashrif doirasida madaniy-maʼrifiy sohada erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi ekanini taʼkidladi.

Toshmirza Xolmirzayevning “O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar” lug‘ati ko‘p yillik ilmiy izlanishlari mahsulidir. Zero, urdu va o‘zbek tillaridagi mushtarak so‘zlar ko‘p asrlik tarixiy jarayon samarasidir. Kitobda urdu va o‘zbek tillarida maʼnodosh to‘rt mingga yaqin so‘z jamlangan. Mazkur lug‘at urdu va o‘zbek tillarini o‘rganayotgan talabalar, o‘qituvchilar, tarjimonlar hamda tadqiqotchilar uchun muhim amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Urdu tilida nashr etilgan “XX asr nasri namunalari” kitobida o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalari – Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Saida Zununova, O‘tkir Hoshimov va Shukur Xolmirzayev ijodiga mansub ellikka yaqin hikoyalar o‘rin olgan.

Senat aʼzosi Talha Mahmudning taʼkidlashicha, O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari Prezident Shavkat Mirziyoyev saʼy-harakati tufayli eng yaxshi davrni boshdan kechirmoqda. Senator O‘zbekistonning barcha davlatlar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatishga intilayotgani va jahon siyosiy sahnasida muhim ishtirokchiga aylanayotganini ham alohida eʼtirof etdi.

Pokiston Milliy tillarni rivojlantirish departamenti bosh direktori Muhammad Salim Mazhar o‘z nutqida adabiyot va madaniyat xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi eng katta maʼnaviy kuch ekaniga eʼtibor qaratdi. U departamenti tomonidan chop etilgan “O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar” lug‘ati muassasa uchun katta sharaf ekanini taʼkidladi. Kitobni nashr etishda yaqindan ko‘maklashgan O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi hamda tarjimonning oila aʼzolariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, filologiya fanlari nomzodi Muhayyo Abdurahmonova so‘nggi yillarda mamlakatimizda sanʼat, madaniyat va adabiyot sohalarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek adabiyotining yetuk vakillari asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi. U “XX asr nasri namunalari” kitobi o‘zbek adabiyoti namunalarini xalqaro maydonda targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadam ekanini qayd etdi.

“O‘zbek va urdu tillaridagi mushtarak so‘zlar” lug‘ati muallifi Toshmirza Xolmirzayev mazkur lug‘atni yaratishdan maqsad ikki xalqning azaliy madaniy va til aloqalarini yana-da mustahkamlashdan iborat ekanini alohida taʼkidladi.

“O‘zbekistonda adabiyot va tarjima sohasiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Milliy va jahon adabiyoti namunalarini tarjima qilish, yosh tarjimonlarni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qo‘lingizdagi “O‘zbek-urdu” lug‘ati mamlakatlarimiz tarjimonlariga mashhur asarlarni tarjima qilishda, yoshlarning til o‘rganishiga foyda keltirsa biz o‘z maqsadimizga yetgan bo‘lamiz”, – dedi Toshmirza Xolmirzayev.

Pokiston milliy meros va madaniyat federal vaziri Aarangzeb Khichi ham yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, aholi farovonligini oshirish, ulug‘ ajdodlar merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish borasidagi “O‘zbekiston modeli”ni eʼtirof etdi.

“O‘zbekistonga tashriflarim chog‘ida islohotlar jarayonining bevosita guvohi bo‘lganman. O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlar bizda ham o‘z aksini topmoqda. Pokiston hukumati O‘zbekiston Prezidentining madaniy-maʼrifiy va tarixiy merosga oid tashabbuslarini yuksak qadrlaydi”, – dedi federal vazir.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish