Toshkentda Fransiya bilan hamkorlikda “Gustave Roussy International – Uzbekistan” loyihasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
May 23, 2026. 11:30 • 2 daq
• 107TOSHKENT, 22 may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Fransiyaning mashhur “Gustave Roussy” onkologiya instituti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida poytaxtimizda “Gustave Roussy International – Uzbekistan” loyihasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida tashkil etilgan tantanali tadbirda “Gustave Roussy” instituti bosh direktori Fabris Barlezi, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, xalqaro ekspertlar hamda sohaning yetakchi olimlari ishtirok etdi.
Mazkur loyiha O‘zbekistonda onkologik yordam ko‘rsatish tizimini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish, zamonaviy klinik yondashuvlarni joriy etish va sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish yo‘lidagi tarixiy qadam hisoblanadi.
Hamkorlik doirasida tibbiyot amaliyotiga “Gustave Roussy” institutining sifat standartlari hamda Yevropa tibbiy onkologiya jamiyati (ESMO) protokollarini integratsiya qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, klinik va tashkiliy jarayonlarni optimallashtirish, saraton kasalliklarini tashxislash va davolashning eng ilg‘or usullarini amaliyotga kiritish, xususan, ko‘krak bezi saratonini davolash protokollarini sinovdan o‘tkazish (aprobatsiya) bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Fransiya delegatsiyasining tashrifi doirasida loyiha Ijroiya qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda qo‘mita tarkibi, ish formati va istiqboldagi ustuvor vazifalar tasdiqlanadi. Mazkur tuzilma loyiha ijrosini monitoring qilish, erishilgan natijalarni baholash va hamkorlikning keyingi bosqichlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Fransiyalik mutaxassislar Respublika onkologiya markazi faoliyati, u yerdagi “patsiyent yo‘li” (patient pathway) tizimi bilan yaqindan tanishadi. Shu bilan birga, kolorektal saraton bo‘yicha multidissiplinar jamoaviy (MDT) konsiliumlarda ishtirok etadi hamda markazning Samarqand filialiga tashrif buyuradi.
“Gustave Roussy International – Uzbekistan” loyihasining ishga tushirilishi yurtimizda yuqori texnologiyali onkologik yordam sifatini oshirish va O‘zbekistonning mintaqaviy tibbiyot xabi sifatidagi maqomini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Hayraton–Mozori Sharif temiryo‘l liniyasining rekonstruksiya qilingan bekati ish boshladi





