AQSH bilan qayta boshlangan mojaro fonida Mashhadda Eronning marhum oliy rahbari dafn etildi
Iyul 10, 2026. 14:00 • 2 daq
• 162
MASHHAD, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Eronning muqaddas Mashhad shahri ko‘chalariga Eronning marhum oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun juda ko‘p odam yig‘ildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC”ga tayanib.
Ali Xomanaiy, uning nabirasi, kuyovi, qizi va kelinining tobutlari ortilgan samolyot Iroqdan Mashhadga yetib keldi. Iroqda ham minglab kishilar ishtirokida motam marosimlari bo‘lib o‘tgan edi. So‘ngra oliy rahnamo Eronning asosiy shia ziyoratgohi bo‘lgan Imom Rizo maqbarasiga dafn qilindi. Mazkur marosim Eron va qo‘shni Iroqning beshta shahrida o‘tkazilgan olti kunlik umummilliy motamga yakun yasadi.
Taʼkidlash joizki, dafn marosimi Eron va AQSH o‘zaro zarbalar almashganidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Bu esa Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan urushni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki kelishuvni xavf ostiga qo‘ydi.
Shundan so‘ng uning o‘g‘li Mojtaba Xomanaiy voris etib tayinlandi. Xabarlarga ko‘ra, u ham ayni shu hujumda og‘ir yaralangan va o‘shandan beri omma oldida ko‘rinish bermagan. Uning o‘rniga Erondagi marosimlarda halok bo‘lgan rahbarning boshqa o‘g‘illari ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, 3-iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi o‘nlab davlatlar delegatsiyalari qatorida Tehrondagi vidolashuv marosimlarida qatnashgan edi.
Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Donald Tramp Amerikaning zarbalari ancha kuchliroq bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. O‘z navbatida, Islom inqilobi posbonlari korpusi Quvayt, Bahrayn, Iordaniya, Iroq va Qatardagi Amerika harbiy obyektlariga zarba berilganini maʼlum qildi.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, beshta viloyatda 14 kishi halok bo‘lgan va 78 kishi jarohatlangan.
Uch hafta avval AQSH va Eron harbiy harakatlarni to‘xtatishni ko‘zda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Biroq 9-iyul kuni Donald Tramp ushbu memorandum, endi amal qilmasligini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi