AQSH Oliy sudi Trampning Amerikada tug‘ilgan bolalarga fuqarolik berishni cheklash to‘g‘risidagi farmonini noqonuniy deb topdi
Iyul 01, 2026. 11:30 • 2 daq
• 156
VASHINGTON, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH Oliy sudi Prezident Donald Trampning mamlakat hududida tug‘ilgan bolalarga avtomatik tarzda Amerika fuqaroligini berish huquqini cheklovchi farmonini noqonuniy deb eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qaror ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilindi – olti nafar sudya hujjatni bekor qilishni yoqlab, uch nafari esa qarshi chiqdi. Sud qaroriga 1868-yilda Fuqarolar urushi tugaganidan keyin qabul qilingan AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan 14-tuzatish asos bo‘ldi. Unda Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan yoki fuqarolikka qabul qilingan hamda uning yurisdiksiyasi ostida bo‘lgan barcha shaxslar mamlakat fuqarolari ekani mustahkamlab qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur farmon Donald Tramp tomonidan 2025-yil 20-yanvarda, o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatining birinchi kunida imzolangan edi. Hujjatda tug‘ilish orqali fuqarolik olish huquqi onasi AQSHda noqonuniy istiqomat qilayotgan yoki doimiy yashash huquqiga ega bo‘lmagan bolalarga nisbatan qo‘llanmasligi ko‘zda tutilgandi.
Avvaliga uch nafar federal sudya prezident farmonining kuchga kirishini to‘xtatib qolishga uringan, biroq ularning qarorlari 2025-yil iyun oyida Oliy sud tomonidan bekor qilingan edi. O‘shanda AQSH prezidenti bu qarorni ulkan g‘alaba deb atagan edi.
Biroq bu safar Oliy sud raisi Jon Roberts Konstitutsiyaning 14-tuzatishi AQSHda tug‘ilgan har bir insonga fuqarolik huquqini kafolatlashini taʼkidlab, sud ushbu huquqiy tamoyilning amalda ekanini tasdiqlaganini qayd etdi.
Sudya Klarens Tomas alohida fikr bildirib, bu qarorni favqulodda deb atadi. Uning fikricha, 14-tuzatishning asl maqsadi ozod etilgan qullarga teng huquqlarni taʼminlashdan iborat bo‘lgan va uning hozirgi talqini tarixiy g‘oyadan chetga chiqmoqda.
Ish ko‘rib chiqilayotgan vaqtda Donald Tramp Oliy suddagi og‘zaki tinglovlarda shaxsan qatnashgan AQSHning ilk amaldagi prezidenti bo‘ldi. Qaror eʼlon qilingach, u tug‘ilish orqali fuqarolik olish huquqini qonunchilik yo‘li bilan bekor qilishga intilishini maʼlum qildi va Kongressni bu borada tegishli qonun tayyorlashga chaqirdi.
Umuman olganda, prezident va uning maʼmuriyatining pozitsiyasi shundan iboratki, Amerika tuprog‘ida tug‘ilgan har bir kishiga fuqarolik berish noqonuniy immigratsiyani rag‘batlantiradi va tug‘ruq turizmini, yaʼni xorijliklarning o‘z farzandlariga Amerika fuqaroligini olib berish uchun Qo‘shma Shtatlarga ataylab kelishi amaliyotini yuzaga keltiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi