Eldor Shomurodov: Muxlislarning ishonch va qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdormiz, qoniqarsiz natija uchun uzr so‘raymiz!
Iyul 01, 2026. 14:00 • 2 daq
• 63TOSHKENT, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirokini yakunlagan O‘zbekiston milliy terma jamoasi yurtimizga qaytib keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Toshkent xalqaro aeroportida futbolchilarni davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari, sport faxriylari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda ko‘p sonli muxlislar tantanali kutib oldi. Milliy bayroqlar va qo‘llab-quvvatlov shiorlari bilan chiqqan muxlislar jamoaga samimiy ehtirom va minnatdorlik izhor etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov mamlakatimizda Prezident tashabbusi bilan sport sohasi, xususan, futbolni rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘z tarixida ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanma olishi va mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etishi mamlakat sporti tarixidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Bu natija milliy futbol taraqqiyoti, bolalar va o‘smirlar futboliga qaratilayotgan eʼtibor hamda murabbiylar va futbolchilarning ko‘p yillik mehnati samarasi sifatida baholandi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar jahon chempionatida milliy terma jamoamiz guruh bosqichini so‘nggi o‘rinda yakunlagan bo‘lsa-da, dunyoning eng kuchli terma jamoalariga qarshi bahslar futbolchilar uchun katta tajriba bo‘lganini taʼkidladi. Ushbu ishtirok kelgusida milliy jamoamizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini yana-da oshirish, futbolchilarning mahorati va ruhiy tayyorgarligini yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.
O‘z navbatida, FIFA tomonidan JCH–2026 guruh bosqichidagi eng chiroyli gol muallifi deya topilgan, milliy terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov barcha yurtdoshlarga qo‘llab-quvvatlov va ishonch uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
– Biz har bir uchrashuvda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qildik. Natija muxlislarimiz kutganidek bo‘lmaganini yaxshi tushunamiz va buning uchun uzr so‘raymiz. Shu bilan birga, jahon chempionatida ishtirok etish biz uchun ulkan tajriba bo‘ldi. Kelgusida xatolardan xulosa chiqarib, yana-da kuchli jamoa sifatida maydonga qaytish uchun astoydil mehnat qilamiz, – dedi milliy jamoa sardori.
Tadbir davomida sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar va musiqiy chiqishlar tantanali marosimga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





