O‘zbekiston Prezidenti davlat tashrifi bilan Gruziyada bo‘ladi
Iyul 01, 2026. 14:20 • 2 daq
• 46
TOSHKENT, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening taklifiga binoan 2-3-iyul kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Tbilisi shahrida Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili hamda Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston – Gruziya do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yana-da rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Siyosiy muloqotni mustahkamlash, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirishning amaliy jihatlari atroflicha muhokama qilinadi.
Tomonlar sanoat, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, turizm, energetika va axborot texnologiyalari sohalarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratadilar.
Shu bilan birga, transport-logistika sohasida hamkorlik qilish hamda mahsulotlar eksporti geografiyasini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb mavzular yuzasidan ham fikr almashadilar.
Sammit yakunlari bo‘yicha hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab oladigan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi