Xitoyda O‘zbekiston yoshlari kuni nishonlandi
Iyul 01, 2026. 15:30 • 2 daq
• 49PEKIN, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tomonidan Pekin shahrida Xitoyda yashayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirokida Yoshlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarga oid davlat siyosati hamda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Yoshlarning mamlakat taraqqiyoti, islohotlarning samarali amalga oshirilishi va Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonidagi muhim o‘rni alohida eʼtirof etildi.
Elchixona vakillari diplomatik vakolatxonaning asosiy vazifalaridan biri O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini hal etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat ekanini taʼkidladilar. Shu bilan birga, mamlakatda yoshlar va sport sohasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan davlat siyosati natijasida o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro maydonlarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritayotgani qayd etildi.
Tadbir doirasida vatandoshlar ishtirokida do‘stona futbol turniri bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, qatnashchilarga milliy taomlar tortiq qilinib, o‘zbek milliy kuy va qo‘shiqlari ijro etildi.
Xalqaro biznes va iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi Lobar Abdumajidova:
- Biz davlatimizning yoshlarga bo‘lgan eʼtiborini doimo his qilib kelmoqdamiz. Xitoyda olayotgan bilimlarimizdan mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida foydalanish niyatidamiz. Bu yil biz muhim sana – mustaqilligimizning 35 yilligini nishonlayapmiz. Barchangizni ushbu bayram bilan tabriklayman.
Pekin chet tillari universiteti talabasi Sherzod Arslonov:
- O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Biz, Xitoyda tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar, bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, vatanimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Barcha vatandoshlarimizni bayram bilan tabriklayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




