JCH-2026 davomida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi axborot kampaniyasi milliarddan ortiq kuzatildi

Iyul 01, 2026. 16:00 • 2 daq

126
JCH-2026 davomida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi axborot kampaniyasi milliarddan ortiq kuzatildi
Surat “NPR” portalidan

TOSHKENT, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasining futbol bo‘yicha jahon chempionati doirasida amalga oshirgan xalqaro axborot kampaniyasi jami 1,07 milliarddan ziyod kishini qamrab olgan media-auditoriyani taʼminladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Qo‘mita maʼlumotlariga ko‘ra, kampaniya O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati o‘yinlaridagi ishtirokiga hamrohlik qilgan va “Uzbekistan” sayyohlik brendini ilgari surishga qaratilgan.

Taʼkidlanishicha, terma jamoa o‘yinlari o‘tkazilgan kunlarda xorijiy ommaviy axborot vositalarida mamlakat haqidagi nashrlar soni sezilarli darajada ortgan, shuningdek, “Visit Uzbekistan”, “Travel Uzbekistan” va “Uzbekistan Tour” qidiruv so‘rovlari ko‘paygan. Eng katta qiziqish Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalariga qarshi o‘yinlar vaqtida qayd etilgan.

“Google Trends” va qo‘mita monitoring tizimi natijalariga ko‘ra, “Uzbekistan Colombia World Cup 2026” mavzusidagi qidiruv so‘rovlari soni 450 foizga, “Uzbekistan” so‘roviga bo‘lgan umumiy qiziqish 40 foizga, O‘zbekistonga sayohat bilan bog‘liq so‘rovlar soni esa yana 10 foizga oshgan.

O‘zbekistonning turizm salohiyati to‘g‘risidagi materiallar 3 mingdan ortiq xorijiy OAV va yangiliklar agregatorlarida eʼlon qilindi. Auditoriyaning umumiy jalb etilishi 52 milliondan ortiq o‘zaro taʼsirni tashkil etdi. Maqolalar “BBC”, “ESPN”, “MSN”, “The Guardian”, “Fox News”, “Daily Mail”, “NDTV”, “VnExpress” kabi xalqaro nashrlarda chop etilgan.

Raqamli targ‘ibotdan tashqari, Turizm qo‘mitasi jahon chempionatiga mezbonlik qilgan shaharlarda milliy sayyohlik stendlari, rasmiy muxlislar hududlari, madaniy dasturlar va mamlakatning turizm salohiyati taqdimotlari kabi oflayn tadbirlarni ham tashkil etdi.

Asosiy loyihalardan biri Atlanta xalqaro aeroportida tashkil etilgan taqdimot maydonchasi bo‘ldi. Unda xalqaro auditoriyaga O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishlari, madaniy merosi va turizm sohasining sarmoyaviy imkoniyatlari namoyish etildi.

Turizm qo‘mitasi taʼkidlashicha, o‘tkazilgan kampaniya milliy sayyohlik brendini ilgari surish va potensial sayyohlar orasida O‘zbekistonga bo‘lgan barqaror qiziqishni shakllantirishda yirik xalqaro sport tadbirlaridan foydalanish samaradorligini ifodaladi.

Surat “NPR” portalidan

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish