TIVda Italiyaning Toskana viloyati gubernatori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Iyul 14, 2026. 22:30 • 2 daq

113
TIVda Italiyaning Toskana viloyati gubernatori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun Tashqi ishlar vazirligida Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eujenio Jani bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda Eujenio Jani Samarqand va Buxoroga qilgan tashrifi O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati hamda boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini berganini taʼkidladi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston hududlari va Toskana viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, zargarlik sanoati, taʼlim, madaniyat, va turizm yo‘nalishlarida katta salohiyat mavjudligiga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida mamlakatimiz hududlari va Toskana o‘rtasida hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha birgalikda saʼy-harakatlarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Bugungi kunda Toskana kuchli sanoat salohiyati, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, jahonga mashhur vinochiligi va turizm sohasiga ega bo‘lgan Italiyaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri sanaladi.

Mintaqa poytaxti Florensiya jahon madaniyati, fani va sanʼatiga ulkan hissa qo‘shgan Uyg‘onish davrining umumeʼtirof etilgan beshigi hisoblanadi.

“Dunyo” AA olgan surat

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish