Germaniyadan munosabat: O‘zbekiston ShHT doirasidagi hamkorlikni o‘zaro ishonch va manfaatlar asosida mustahkamlamoqda
Sentabr 03, 2026. 20:00 • 2 daq
• 103
BERLIN, 3-sentabr. /“Dunyo” AA/. Gessen federal o‘lkasi Davlat devonxonasining Yevropa ishlari va xalqaro hamkorlik departamenti sobiq rahbari Mixael Borxmann “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 31-avgust – 1-sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston ShHT doirasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr bo‘sag‘asida” nomli maqolasida ilgari surilgan “devorlar emas, ko‘priklar qurish” g‘oyasi nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda, balki O‘zbekistonning butun dunyo bilan hamkorligida ham o‘z ifodasini topmoqda. Bugungi kunda bu g‘oya davlat rahbari olib borayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning mazmun-mohiyatiga to‘la mos keladi.
Shu o‘rinda 2022-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitini eslash o‘rinli. O‘shanda sammit arafasida mamlakat yetakchisining yana bir maqolasida “o‘zaro bog‘liq dunyoda muloqot va hamkorlik” g‘oyasi ilgari surilgan hamda “Shanxay ruhi”ni “Samarqand ruhi” bilan boyitish zarurligi taʼkidlangan edi.
Men O‘zbekistonning ShHT doirasida o‘zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan saʼy-harakatlarini Markaziy Osiyo davlatlarini umumiy maqsadlar atrofida jipslashtirishga qaratilgan izchil siyosatining mantiqiy davomi sifatida baholayman. Tashkilotga aʼzo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va transport-logistika aloqalarining jadal kengayib borayotgani buning yorqin tasdig‘idir. Bu jarayon mintaqada o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yaratish va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalq manfaatlari yo‘lida faoliyat yuritadigan yetakchi sifatida menda katta taassurot qoldirgan. Uning Bishkekda bo‘lib o‘tgan VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimidagi ishtiroki ham xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqot va do‘stlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan eʼtiborning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi