Madriddan munosabat: O‘zbekiston–Serbiya o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar uchun muhim qadamlar tashlandi

Sentabr 10, 2026. 09:00 • 3 daq

187
Madriddan munosabat: O‘zbekiston–Serbiya o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar uchun muhim qadamlar tashlandi

MADRID, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. Panevropa ittifoqining Ispaniyadagi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 7–8 sentyabr kunlari Serbiyaga rasmiy tashrifi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga rasmiy tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishda muhim voqea bo‘ldi. Nazarimda, O‘zbekiston–Serbiya aloqalarining sifat jihatidan yangi bosqichi – anʼanaviy siyosiy muloqotdan aniq iqtisodiy va sarmoyaviy mazmunga ega strategik sheriklikka o‘tayotganidadir.

Ikki davlat rahbarining strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qarori alohida ahamiyat kasb etadi. Bu muhim siyosiy ishora bo‘lib, uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratadi.

Erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha asosiy yo‘nalishlari – savdo, sarmoya, sanoat, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energetika, madaniyat, turizm hamda mehnat migratsiyasini qamrab olgani ham muhimdir.

Iqtisodiy nuqtai nazardan, ushbu tashrif keng istiqbollarni ochadi. Serbiya biznesi uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan bozori va mintaqa bozorlariga chiqish yo‘lidagi muhim hamkor sifatida qiziqish uyg‘otmoqda.

O‘z navbatida, Serbiya kompaniyalari sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va yengil sanoat, energetika va boshqa sohalarda salmoqli tajriba hamda texnologiyalarga egadir. Shu bois, qo‘shma korxonalar tashkil etish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlar yaqin yillarda aniq natijalar berishi mumkin.

Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash bo‘yicha kelishuv tovarlarning o‘zaro bozorga kirishi uchun yanada qulay sharoit yaratadi. Savdo tartib-taomillarini soddalashtirish o‘zaro savdo hajmini sezilarli darajada oshirish hamda yetkazib beriladigan mahsulotlar turini kengaytirish imkonini beradi.

Avtomobil butlovchi qismlari, uskunalar, elektrotexnika va elektronika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi kelishuvlar ham ahamiyat jihatidan ancha salmoqli.

Ikki mamlakat rasmiy va ishbilarmon doiralarining 200 nafardan ortiq vakili ishtirokida O‘zbekiston–Serbiya biznes-forumi o‘tkazilganini ham yuksak baholayman. Aynan tadbirkorlar o‘rtasidagi bunday bevosita aloqalar siyosiy kelishuvlarni real sarmoyaviy loyihalar, qo‘shma korxonalar va yangi savdo shartnomalariga aylantirish imkonini beradi.

Transport sohasidagi hamkorlikning rivojlanishini alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman. Xalqaro avtomobil tashuvlari, temir yo‘l infratuzilmasi va O‘rta yo‘lakni qo‘llab-quvvatlash sohasida imzolangan hujjatlar strategik ahamiyatga ega. Chunki ular Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Hududlararo hamkorlik, xususan, Samarqand viloyati va Voyevodina avtonom o‘lkasi o‘rtasida sheriklik aloqalarining o‘rnatilishi munitsipalitetlar, tadbirkorlar, taʼlim muassasalari va madaniyat tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilish uchun katta imkoniyat sanaladi. Bunday rishtalar ikki tomonlama hamkorlikni yanada barqaror qiladi.

Gumanitar sohada – taʼlim, madaniyat, kinematografiya, sport va turizm yo‘nalishlarida hamkorlikning kengayayotganini ham eʼtirofga loyiq. Madaniyat kunlari, qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazish va sohaviy tashkilotlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi.

Mobillik va mehnat migratsiyasi sohasidagi kelishuv har ikki tomon manfaatlariga javob beradi va O‘zbekiston fuqarolarini Serbiyada ishga joylashtirishning shaffof va samarali mexanizmlarini yaratishga hissa qo‘shadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu galgi tashrifi nafaqat muhim diplomatik voqea, balki amaliy hamkorlikning yangi bosqichi uchun boshlang‘ich nuqta bo‘ldi. Imzolangan hujjatlar to‘plami, erishilgan kelishuvlar va amalga oshirilishi kutilayotgan qo‘shma “Yo‘l xaritasi” o‘zaro strategik sheriklik aniq iqtisodiy va ijtimoiy mazmun kasb etishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratmoqda.

Yaqin yillarda biz o‘zaro savdo hajmining ortishi, yangi sarmoyaviy loyihalarning amalga oshirilishi, qo‘shma korxonalarning tashkil etilishi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari, hududlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasidagi bevosita aloqalarning kengayishiga guvoh bo‘lamiz.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish

So‘nggi yangiliklar

Barchasi