Serbiya O‘zbekiston bilan erkin savdo rejimini o‘rnatishga tayyorlanayotgan birinchi Yevropa mamlakatiga aylanadi

Sentabr 13, 2026. 15:00 • 2 daq

44
Serbiya O‘zbekiston bilan erkin savdo rejimini o‘rnatishga tayyorlanayotgan birinchi Yevropa mamlakatiga aylanadi

BELGRAD, 13-sentabr. /“Dunyo” AA/. Serbiyaning RTS axborot agentligi Serbiya ichki va tashqi savdo vaziri Yagoda Lazarevichning “Serbiya – O‘zbekiston erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tuzishga tayyorlanayotgan birinchi Yevropa mamlakatidir” sarlavhali intervyusini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbatda Serbiya va O‘zbekiston erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolashga olib keladigan muhim jarayonni boshlashga tayyorligi bildirilgan.

Vazir Yagoda Lazarevichning maʼlum qilishicha, so‘nggi bir yil ichida Serbiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlandi.

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning o‘tgan yilning oktyabr oyida Toshkentga amalga oshirgan tashrifidan tortib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifigacha bo‘lgan davrda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish maqsadida to‘rtta biznes-forum tashkil etildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda YAIM o‘sishi 8,6 foizni tashkil etdi va uning iqtisodiyoti Serbiya bilan yuqori darajada bir-birini to‘ldiradigan qator sohalarda jadal rivojlanmoqda.

Katta salohiyatga ega sohalardan biri qishloq xo‘jaligi bo‘lib, u O‘zbekiston YAIMning 17,3 foizini shakllantiradi. Serbiya O‘zbekiston bozoriga oziq-ovqat sanoati uskunalari va urug‘lik materiallarini eksport qilmoqda.

Shuningdek, Serbiya sanoatini zarur xomashyo bilan taʼminlash hamda o‘zbek bozoriga serb mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik faollashmoqda.

Vazir tekstil sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etish va arzonroq xomashyoni Serbiyada qayta ishlash imkoniyatlariga eʼtibor qaratdi. Bundan tashqari, O‘zbekistondan yong‘oq va quritilgan mevalar importi ichki bozordagi narxlarga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. “Yangi ish o‘rinlarini yaratish va yangi bozorlarning ochilishi ikki mamlakat kompaniyalariga uchinchi bozorlarga birgalikda chiqish imkonini beradi”, — dedi Yagoda Lazarevich.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish