O‘zbekiston va Germaniya: o‘zaro manfaatlarga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanmoqda

Iyun 17, 2026. 08:55 • 5 daq

201
O‘zbekiston va Germaniya: o‘zaro manfaatlarga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanmoqda
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati arxividan olingan surat

TOSHKENT, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. 17–18-iyun kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston va Germaniya barqaror siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga asoslangan ikki tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirib bormoqda. Xalqaro jarayonlarning jadal o‘zgarishi va davlatlarning o‘zaro bog‘liqligi ortib borayotgan hozirgi sharoitda Toshkent va Berlin o‘rtasidagi sheriklik tobora tizimli va ko‘p qirrali tus olmoqda.

Germaniya 1991-yil 31-dekabrda O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan.Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar esa 1992-yil 6-martda o‘rnatilgan. O‘tgan davrda siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab oluvchi hamkorlikning mustahkam institusional poydevori shakllandi.

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar O‘zbekiston–Germaniya munosabatlarini faollashtirishda muhim o‘rin tutdi. 2019-yil yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga rasmiy tashrif buyurdi. Tashrif davomida Berlinda Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Federal Kansler Angela Merkel va Bundestag rahbariyati bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida investitsiya, moliya, fan, ta’lim va madaniyat sohalarida salmoqli bitimlar to‘plami imzolandi.

Oradan to‘rt oy o‘tib, ya’ni 2019-yil 27–29-may kunlari Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga javob tashrifi bo‘lib o‘tdi va bu ikki tomonlama muloqot rivojida muhim bosqich bo‘ldi. Oliy darajadagi muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 2–3-may kunlari Germaniyaga rasmiy tashrifi o‘zaro hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishladi. Tashrif yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikni yana-da chuqurlashtirishga qaratilgan hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. O‘zbekiston rahbarining o‘sha yil sentyabr oyida “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etish uchun Germaniyaga tashrifi jadal siyosiy muloqotning davomi bo‘ldi. Tashrif doirasida Germaniya Federal Prezidenti va Federal Kansleri bilan muzokaralar o‘tkazildi, shuningdek, Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan biznes-forumda qatnashildi.

Germaniya Federal kanslerining 2024-yil sentyabr oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi ikki tomonlama muloqotni rivojlantirishda muhim voqea bo‘ldi. Oliy darajadagi sammit chog‘ida tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar, shuningdek, hamkorlikni yana-da kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldi.

2019-yil yanvar oyida tegishli parlamentlararo hamkorlik guruhlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi O‘zbekiston va GFR o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni institusionallashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Germaniya Bundestagida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha parlament guruhi, O‘zbekiston Oliy Majlisida esa Germaniya parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik barqaror rivojlanishi bilan ajralib turadi va shakllangan institusional hamkorlik mexanizmlariga tayanadi. 2015-yil fevral oyida tashkil etilgan Germaniya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi muvofiqlashtirishning asosiy vositalaridan biri hisoblanadi. Kengash faoliyati ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish va ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning qo‘shimcha mexanizmi bo‘lib, uning doirasida istiqbolli loyihalar muhokama qilinadi va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari kelishib olinadi.

Ikki tomonlama savdoda eng ko‘p qulaylik yaratish shakli amal qilmoqda, bu esa o‘zaro tovar ayirboshlashni rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi. So‘nggi yillardagi savdo dinamikasi asosan o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. Agar 2021-yilda tovar ayirboshlash hajmi 765,7 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1,427 milliard dollarga yetdi. 2026-yilning yanvar–aprel oylarida esa o‘zaro savdo hajmi 411,6 million dollarni tashkil etdi.

Ikki tomonlama tovar ayirboshlash tarkibi ikki mamlakat iqtisodiyotining bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatini aks ettiradi. O‘zbekiston eksportining asosini xizmatlar, to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlari tashkil etsa, Germaniyadan import asosan uskunalar, mexanik mahsulotlar, transport vositalari va butlovchi qismlar, farmatsevtika va kimyo mahsulotlari hisoblanadi.

Investitsiyaviy hamkorlikning amaliy qamrovi Germaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyatida o‘z aksini topmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda Germaniya sarmoyasi ishtirokidagi 225 korxona, jumladan, 100 foiz xorijiy ishtirokdagi korxonalar faoliyat yuritmoqda, shuningdek, Germaniya kompaniyalarining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan.

Madaniy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo aralash komissiya madaniy-gumanitar hamkorlikni muvofiqlashtirishning muhim mexanizmi bo‘lib, uning faoliyati gumanitar aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Ta’lim va fan sohasidagi hamkorlik eng faol yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonda Germaniyaning yetakchi ta’lim va jamoat institutlari til o‘rgatish, akademik almashinuv va ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasi gumanitar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi. Bugungi kunga qadar tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va tibbiyot sohasida zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish bilan bog‘liq qator qo‘shma loyihalar amalga oshirildi.

O‘zbekistondagi nemis diasporasining faoliyati, gumanitar hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun qo‘shimcha asos bo‘ladigan hududlararo aloqalarni rivojlantirish ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning muhim ijtimoiy omili bo‘lib qolmoqda.

Ikki tomonlama hamkorlik yillarida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida turli darajadagi 169 ta bitim, jumladan, davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo va boshqa hujjatlar imzolandi. Shakllangan normativ-huquqiy arxitektura hamkorlikning keng ko‘lamli yo‘nalishlarini qamrab oladi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yuqori darajada institusionallashganligini aks ettiradi.

Hamkorlik yillarida O‘zbekiston va Germaniya muntazam siyosiy muloqotlar, rivojlangan institusional mexanizmlar va kengayib borayotgan shartnomaviy-huquqiy bazaga asoslangan davlatlararo hamkorlikning barqaror tizimini shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi. O‘zaro tashriflarning faollashuvi, tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va gumanitar tashabbuslarning rivojlanishi hamkorlikning yana-da keng qamrovli va amaliyotga yo‘naltirilgan modelga o‘tayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekistonda Germaniya biznesining ishtirokini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirish bilan birga kechadigan munosabatlarning iqtisodiy jihati alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, ta’lim, fan, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish ikki davlatni yana-da yaqinlashtirish uchun uzoq muddatli asos yaratishga xizmat qiladi.

Zamonaviy xalqaro kun tartibi sharoitida O‘zbekiston va Germaniya pragmatik yondashuv va o‘zaro hurmatga asoslangan va manfaatli sheriklikni yana-da chuqurlashtirishga intilishlarini namoyish etmoqda. Ekspertlarning fikricha, ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash O‘zbekistonning umuman Yevropa yo‘nalishi bilan hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi hamda siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish