O‘mondan munosabat: Toshkent investitsiya forumi Markaziy Osiyo uchun muhim strategik ahamiyatga ega
Iyun 17, 2026. 12:00 • 4 daq
• 171
MASKAT, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘monlik yirik iqtisodiy tahlilchi Yusuf al-Balushi “Dunyo” AAga V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhim iqtisodiy va geosiyosiy voqeadir. Forum mintaqada investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish va xalqaro kapitalni jalb etishning samarali platformasiga aylanib ulgurdi.
Shu o‘rinda aytish o‘rinli, O‘monning integratsiyalashgan logistika sohasidagi yetakchi kompaniyasi – “Asyad Group” va “Orient Group” O‘zbek–O‘mon investitsiya kompaniyasi (“UzOman”) bilan hamkorlikda yurtingizning ikki yirik logistika operatori – “Universal Logistics Services” hamda “Highway Logistics Center” kompaniyalarida nazorat paketini qo‘lga kiritdi. Bu aktivlar mamlakat temir yo‘l konteyner tashuvlarining taxminan choragini qamrab oladi va yuqori toifali ombor infratuzilmasini boshqaradi.
Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan O‘zbekiston uchun bu kelishuv oddiy investitsiya emas, balki tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytiruvchi strategik logistik yo‘lak sifatida baholanmoqda. O‘mon uchun esa bu jadal o‘sib borayotgan Markaziy Osiyo bozoriga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish imkoniyatidir.
Markaziy Osiyo iqtisodiyoti, ayniqsa O‘zbekiston, so‘nggi yillarda yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. 2025-yilda mamlakat YAIM o‘sishi 7,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil uchun 6,4–6,8 foiz atrofida prognoz qilinmoqda. Bu O‘zbekistonni mintaqada eng tez o‘sib borayotgan iqtisodiyotlar qatoriga kiritadi.
Bunday sharoitda Markaziy Osiyo tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va yangi logistik yo‘laklar orqali global bozorlarga chiqishga intilayotgan mintaqaga aylanmoqda. O‘mon esa o‘zining port infratuzilmasi va geostrategik joylashuvi orqali aynan shu jarayonda tabiiy sherik sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘mon va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik yangi emas. 2009-yilda tashkil etilgan O‘zbek–O‘mon investitsiya kompaniyasi hozirgacha 500 million dollar kapitalga va 300 million dollardan ortiq aktivlarga ega. U O‘zbekistondagi ilk yirik xorijiy investorlardan biri sifatida turli strategik loyihalarga taxminan 200 million dollar sarmoya kiritgan.
Bugun mamlakatda o‘nlab qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularning umumiy qiymati 3,2 milliard dollarga yaqin bo‘lib, neft-kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va turizm sohalarini qamrab oladi.
Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasida havo qatnovlarini kengaytirish, mahsulotlarni qayta eksport qilish va biznes aloqalarini kuchaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlar ham amalga oshirilmoqda. Maskat–Toshkent to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarining yo‘lga qo‘yilishi esa bu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.
“Asyad Group” tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalar O‘zbekiston logistika tizimini O‘mon portlari bilan integratsiya qiladi. Endi Toshkentdan chiqqan yuklar Sohar, Salola va Duqm portlari orqali Fors ko‘rfazi, Afrika, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga chiqishi mumkin.
Ayniqsa, Duqm va Salola portlarining Hurmuz bo‘g‘ozidan tashqarida joylashgani global savdodagi geosiyosiy xavflarni kamaytiradi. Bu esa logistika barqarorligi va xavfsizligi nuqtayi nazaridan katta afzallik hisoblanadi.
Ushbu yo‘lak O‘monning “Vision 2040” strategiyasiga mos ravishda mamlakatni neftga bog‘liq iqtisodiyotdan diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi. O‘zbekiston uchun esa bu yangi transport yo‘nalishlari, jumladan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li va kelgusidagi Trans-Afg‘on yo‘lagi bilan uyg‘unlashuv imkoniyatini yaratadi.
Yangi logistik tizim ikki tomon uchun ham katta iqtisodiy imkoniyatlar ochadi. O‘mon kompaniyalari Markaziy Osiyo bozoriga kirish imkoniga ega bo‘lsa, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari global eksport yo‘llariga chiqish imkonini qo‘lga kiritadi.
Bu faqat yirik bizneslar emas, balki kichik va o‘rta korxonalar uchun ham muhim imkoniyatdir. Logistika, qayta ishlash sanoati, fintex, halol mahsulotlar ishlab chiqarish, qurilish materiallari va turizm sohalarida yangi bozorlar shakllanmoqda.
O‘mon va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik oddiy ikki tomonlama investitsiya kelishuvidan chiqib, Markaziy Osiyo bilan Hind okeani o‘rtasidagi strategik iqtisodiy ko‘prikka aylanmoqda.
Bu yo‘lak logistika, havo qatnovi va institutsional sheriklik orqali tovarlar, kapital va xizmatlar harakatini tezlashtiradi. Eng muhimi, u mintaqani global savdo tizimiga yanada chuqurroq integratsiya qilish imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi