Pokistondan munosabat: Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyo uchun iqtisodiy drayverga aylanadi

Iyun 16, 2026. 09:30 • 3 daq

117
Pokistondan munosabat: Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyo uchun iqtisodiy drayverga aylanadi

ISLOMOBOD, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning Baxriya universiteti professori Adam Saud “Dunyo” AAga shu yil 16–18-iyun kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– V Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhim iqtisodiy va geosiyosiy voqea sifatida baholanmoqda. Forum mintaqada investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish va xalqaro kapitalni jalb etishning samarali platformasiga aylanib ulgurdi.

Pokiston nuqtayi nazaridan qaraganda, mazkur forum Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish uchun muhim imkoniyatlarni yaratadi. Xususan, transport-logistika yo‘laklari, energetika, raqamli iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi loyihalar ikki mintaqa manfaatlarining mushtarakligini yanada kuchaytiradi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish va xususiy sektor rolini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda. Natijada, mamlakat xalqaro investorlar uchun jozibador bozorga aylanib bormoqda. 2025-yilda bo‘lib o‘tgan forumda 97 davlatdan 8 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgani va umumiy qiymati 30,5 milliard AQSH dollariga teng investitsiya bitimlari imzolangani buning yaqqol isbotidir.

Pokiston uchun alohida ahamiyatga ega jihatlardan yana biri – O‘zbekistonning transmintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirishga qaratilgan siyosati hisoblanadi. Xususan, Transafg‘on temir yo‘li loyihasi, logistika markazlari va savdo yo‘laklarini rivojlantirish tashabbuslari Pokistonning dengiz portlari imkoniyatlarini Markaziy Osiyo bozorlari bilan bog‘lashga xizmat qiladi. Bu esa o‘zaro savdo hajmini oshirish, transport xarajatlarini kamaytirish va mintaqaviy iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga yordam beradi.

Shu bilan birga, Toshkent xalqaro investitsiya forumi global iqtisodiy noaniqliklar, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar va geosiyosiy keskinliklar sharoitida yangi hamkorlik formatlarini izlash uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi. Forumning asosiy ustuvor yo‘nalishlari – barqaror rivojlanish, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va “yashil” iqtisodiyot – Pokistonning uzoq muddatli iqtisodiy manfaatlariga ham mos keladi.

Ishonchim komilki, TXIF-2026 O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi investitsiya xabi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiya uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Forum doirasida qabul qilinadigan qarorlar va imzolanadigan kelishuvlar esa kelgusida mintaqa iqtisodiy taraqqiyotining muhim drayverlariga aylanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish