Moskvadan munosabat: O‘zbekiston Prezidentining Seulga tashrifi Toshkentning texnologik va sarmoyaviy hamkorlik doirasini kengaytirayotganidan dalolat
Sentabr 17, 2026. 20:30 • 2 daq
• 88
MOSKVA, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari, siyosatshunoslik fanlari nomzodi Aleksandra Perminova “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining
13-16-sentabr kunlari Janubiy Koreyaga amalga oshirgan davlat tashrifi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi Toshkentning texnologik va sarmoyaviy hamkorlik doirasini kengaytirayotganidan dalolat bermoqda.
O‘zbekistonda bugungi kunda Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi 700 tadan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Shu maʼnoda aytish mumkinki, Seulga tashrif sanoatni modernizatsiya qilish uchun yangi texnologiya, uskuna va sarmoyalar jalb etish imkonini beradi. Tashrif arafasida qariyb 12 milliard dollarlik loyihalar to‘plami tayyorlandi.
Janubiy Koreya bozori uchun O‘zbekiston ichida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadigan loyihalar katta qiziqish uyg‘otadi. Mahalliylashtirish, xomashyoni qayta ishlash, qo‘shma korxonalar va mashinasozlikni rivojlantirish mamlakatning o‘z sanoat bazasini mustahkamlaydi va uning barcha anʼanaviy iqtisodiy hamkorlari bilan kooperatsiya imkoniyatlarini kengaytiradi.
Xuddi shu holat transport yo‘nalishiga ham tegishli. Yangi yo‘nalishlar Markaziy Osiyoning umumiy bog‘liqligini oshirib, mavjud transport tarmog‘i bilan tutashgandagina mintaqa uchun foydali bo‘ladi.
Umuman olganda, Janubiy Koreyaga amalga oshirilgan davlat tashrifi O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi