Anqaradan munosabat: O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlamoqda
Oktabr 17, 2026. 09:10 • 3 daq
• 189
ANQARA, 17 oktyabr. /“Dunyo” AA/. Turkiya Strategik tadqiqotlar va rivojlanish markazi boshqaruv raisi Yunus Emre Kanat O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi va OHICHK sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Yevroosiyo geosiyosiy raqobatning keskinlashuvi, xavfsizlik tizimining qayta shakllanishi va savdo yo‘llarining o‘zgarishi davrini boshdan kechirmoqda. Dunyoning turli mintaqalaridagi beqarorlik oqibatlari, Afg‘onistondagi vaziyat, energetika va oziq-ovqat zanjirlarining zaifligi mintaqaviy hamkorlikning moslashuvchan mexanizmlariga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirmoqda.
Bunday sharoitda OHICHK muhim muloqot maydoniga aylanmoqda. Tashkilotning Bokuda bo‘lib o‘tgan VII sammiti mintaqaviy xavfsizlik nafaqat siyosiy va harbiy omillarga, balki iqtisodiy rivojlanish, transport, oziq-ovqat, energetika xavfsizligi, raqamlashtirish hamda ekologiyaga ham bog‘liqligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yondashuvi mintaqaviy muammolarni qo‘shma loyihalar, o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlik va muloqot orqali hal etishga asoslangan. Bunda barqarorligi Markaziy Osiyo xavfsizligi va Janubiy Osiyo bilan aloqalar rivojini belgilab beradigan Afg‘onistondagi vaziyat alohida ahamiyat kasb etadi.
BMT shafeligida yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar mexanizmini yaratish taklifi O‘zbekistonning afg‘on masalasini inklyuziv tarzda hal etishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi.
Xitoy va Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi, Janubiy Kavkaz va Turkiya orqali Yevropa bilan bog‘laydigan O‘rta yo‘lak mintaqaviy integratsiyaning muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Uning rivojlanishi O‘zbekistonga eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, Turkiyaga transport-logistika markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlash imkonini beradi. Yo‘lak samaradorligini oshirish uchun infratuzilmani modernizatsiya qilish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va yuk tashish jarayonlarini raqamlashtirish zarur.
Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklik savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi va mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyatga ega. Shu bilan birga, ikki davlatning o‘zaro hamkorligi boshqa mamlakatlarni ham qo‘shma loyihalarga jalb etishga xizmat qilishi lozim.
Turkiy davlatlar tashkiloti va OHICHKning bir-birini to‘ldiruvchi hamkorligi qo‘shimcha imkoniyatlar ochmoqda. Ularning salohiyatidan transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, logistikani raqamlashtirish, chegaralarni kesib o‘tishni soddalashtirish va mintaqaviy ishonchni mustahkamlash yo‘lida foydalanish mumkin.
Oziq-ovqat va ekologik xavfsizlik masalalari ham bundan kam bo‘lmagan ahamiyatga ega. Qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va cho‘llanishga qarshi kurashish, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik muammolarini inobatga olgan holda, o‘zaro kelishilgan harakatlarni talab etadi.
OHICHK kelajagi diplomatik muloqotni amaliy natijalarga aylantira olish qobiliyatiga bog‘liq. Transport infratuzilmasini rivojlantirish, mintaqaviy xavf-xatarlar to‘g‘risida ma’lumot almashish hamda ta’lim, fan va texnologiyalar sohalarida hamkorlik qilish ustuvor vazifaga aylanishi kerak.
Boku sammiti Yevroosiyo barqarorligi umumiy manfaatlarni amaliy tashabbuslar atrofida birlashtirishga bog‘liqligini ifodaladi. O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, yanada barqaror va o‘zaro bog‘liq mintaqaviy makonni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi