Bokudan munosabat: O‘zbekiston diplomatiyasi Osiyoda ishonch va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda

Oktabr 17, 2026. 12:15 • 3 daq

• 114
Bokudan munosabat: O‘zbekiston diplomatiyasi Osiyoda ishonch va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda

BOKU, 17-oktabr. /“Dunyo” AA/. Taniqli ozarbayjonlik siyosatshunos va tahlilchi Ilgar Velizade O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChK) sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning OHIChK sammitidagi nutqi rasmiy Toshkentning o‘zi ishtirok etayotgan xalqaro maydonlar faoliyatiga izchil tarzda amaliy mazmun bag‘ishlashga intilayotganini yana bir bor namoyon etdi. O‘zbekiston diplomatiyasi ushbu tuzilmalarning bunyodkorlik salohiyatidan tinchlik va hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida samarali foydalanishga harakat qilmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi Osiyoda yaxlit ishonch infratuzilmasini shakllantirishga urg‘u berib, tegishli konsepsiya ishlab chiqishni taklif qildi. Ushbu tushuncha zamirida davlatlararo munosabatlarga doir aniq tamoyillar yotadi: xatti-harakatlarning oldindan ko‘ra bilinishi, majburiyatlarga sodiqlik va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish mojarolarning oldini olish uchun mustahkam poydevor yaratishi lozim. Bunday yondashuvda transport va energetik bog‘liqlik, savdo-sotiq, raqamli hamkorlik hamda gumanitar almashinuvlar ishonchni mustahkamlashning amaliy vositalariga aylanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusi alohida e’tiborga loyiqdir. Uni hayotga tatbiq etish maqsadida mutaxassislar umumiy tavsiyalar ishlab chiqadigan va amaliy chora-tadbirlarni kelishib oladigan OHIChK ekspertlar maydonini yaratish ko‘zda tutilgan.

Bu o‘rinda Toshkent zamonamizning eng nozik muammolaridan biriga e’tibor qaratmoqda: texnologik taraqqiyot davlatlarning imkoniyatlarini kengaytirishi, ayni paytda ular o‘rtasidagi tafovutni qisqartirishi kerak. Suvni tejaydigan texnologiyalar, “yashil” energetika va atrof-muhit holatini kuzatishga urg‘u bergan holda iqlim barqarorligi sohasida sheriklik qilish bo‘yicha taklif ham xuddi shunday aniq va mazmunli yangradi.

O‘zbekistonning 2027-yilda Inson salohiyatini rivojlantirish forumini o‘tkazishga tayyorligi ushbu kun tartibining muhim davomi bo‘ldi. Ta’lim, yoshlar va xotin-qizlar uchun imkoniyatlar yaratish, raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlarini himoya qilish bo‘lajak muhokamalarning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Kelgusi ikki yilga mo‘ljallangan OHIChK harakatlar dasturi esa gumanitar hamkorlikka izchillik bag‘ishlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston diplomatiyasining o‘ziga xos uslubi — keng qamrovli siyosiy maqsadlarni birgalikdagi faoliyatning aniq yo‘nalishlari bilan bog‘lay olish mahorati — aynan shunda namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston yetakchisi nutqining ahamiyati, eng avvalo, turli manfaatlarga ega davlatlar uchun o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan tushunarli kun tartibini taklif etishidadir. Osiyo uchun bunday bunyodkor va amaliy yondashuv yuksak e’tirofga sazovordir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish