Bokudan munosabat: TDTda O‘zbekiston tashabbuslari strategik mintaqaviy hamkorlikni yangi darajaga olib chiqmoqda

May 16, 2026. 19:00 • 3 daq

44
Bokudan munosabat: TDTda O‘zbekiston tashabbuslari strategik mintaqaviy hamkorlikni yangi darajaga olib chiqmoqda

BAKU, 16-may. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti Emin Garibli “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 15-may kuni Turkiston shahriga amalga oshirgan xizmat safari va Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

– Turkiy dunyodagi integratsiya jarayonlari bugungi kunda tobora tizimli va strategik tus olmoqda. Tarixiy va madaniy yaqinlik asosida birlashgan davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik umumiy makonni shakllantirish bosqichidan asta-sekin chiqib, to‘laqonli mintaqaviy hamkorlik modeliga aylanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi uchrashuv nafaqat navbatdagi diplomatik voqea, balki turkiy integratsiya arxitekturasining muhim burilish nuqtasi bo‘ldi.

Turkiy davlatlar tashkiloti rivojlanish mantig‘i deklarativ bosqichdan amaliy hamkorlik bosqichiga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda. Ilgari asosiy e’tibor madaniy va gumanitar sohalarga qaratilgan bo‘lsa, bugun iqtisodiy integratsiya, transport bog‘liqligi, raqamlashtirish va texnologik rivojlanish masalalari birinchi o‘ringa chiqmoqda. O‘tgan sammit erishilgan natijalarni mustahkamlabgina qolmay, balki mintaqaning global maydonda raqobatbardoshligini oshiradigan yangi o‘sish nuqtalarini ham belgilab berdi.

Sammit o‘tkazilgan joy – Turkiston shahri alohida e’tiborga loyiq. Bu shahar nafaqat geografik, balki butun turkiy dunyo uchun chuqur ramziy ahamiyatga ega. Turkiston tarixan ma’naviy markaz, intellektual fikr va madaniy almashinuv maskani bo‘lib kelgan. Sammitning aynan shu yerda o‘tkazilishi integratsiya jarayonlarining uzviy davomiyligini ko‘rsatadi va zamonaviy siyosiy-iqtisodiy kun tartibni boy sivilizatsion meros bilan bog‘laydi. Shu tariqa, Turkiston faqat muzokaralar maydoni emas, balki birlik, tarixiy xotira va umumiy kelajak ramziga aylanmoqda.

Integratsiya jarayonlarini jadallashtirishda O‘zbekistonning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Mamlakatning TDT faoliyatidagi ishtiroki hamkorlik rivojiga yangi sur’at bergan eng muhim omillardan biri bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida O‘zbekiston savdo, logistika, raqamli yechimlar va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab tashabbuslar bilan faol ishtirok etmoqda. Bu esa mamlakatning integratsion makonni shakllantirishga strategik yondashuvini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan raqamli transport yo‘laklari, tranzit infratuzilmasini rivojlantirish hamda innovatsion va ta’lim sohasidagi tashabbuslar a’zo davlatlar iqtisodiyotlarini yaqinlashtirishning real mexanizmlarini shakllantirmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston raisligi davrida joriy etilgan institutsional yangiliklar tashkilot samaradorligini oshirib, unga yanada tizimli va barqaror tus berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish