Bryusseldan munosabat: Turkiy davlatlar tashkiloti tobora geoiqtisodiy kuchga aylanib bormoqda

May 17, 2026. 12:00 • 3 daq

113
Bryusseldan munosabat: Turkiy davlatlar tashkiloti tobora geoiqtisodiy kuchga aylanib bormoqda

BRYUSSEL, 17-may. /“Dunyo” AA/. Belgiyalik Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Derya Soysal “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 15-may kuni Turkiston shahriga amalga oshirgan xizmat safari va Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

– Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) so‘nggi yillarda madaniy-tarixiy hamkorlik platformasidan qudratli geoiqtisodiy tuzilmaga aylanib bormoqda. Markaziy Osiyoning to‘rt davlati – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston, Janubiy Kavkazdagi Ozarbayjon hamda Yevropa bilan Osiyoni bog‘lab turuvchi yirik transkontinental davlat Turkiyani qamrab olgan mazkur tashkilot bugun global savdo xavfsizligining muhim bo‘g‘ini sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Strategik imkoniyatlarni o‘zaro muvofiqlashtirish orqali ushbu davlatlar mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, taʼminot zanjirlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, shuningdek, sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanishga asoslangan umumiy taraqqiyot modelini shakllantirishga hissa qo‘shmoqda.

Turkiy integratsiya nega Yevropa uchun muhim? Bugungi geosiyosiy ziddiyatlar sharoitida Yevropa taʼminot zanjirlari xavfsizligi, inflyatsiya bosimi va energiya manbalarini diversifikatsiya qilish kabi muammolarga duch kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, Turkiy davlatlar tashkilotining muvofiqlashgan siyosati Yevropa uchun bir qator ishonchli va barqaror yechimlarni taklif etmoqda.

Avvalo, TDTning geografik joylashuvi xavf yuqori bo‘lgan hududlarni chetlab o‘tuvchi xavfsiz va hamkorlikka asoslangan makonni shakllantirib, tovarlar harakatining uzluksizligini taʼminlash imkonini beradi.

Ikkinchidan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi Markaziy Osiyo–Kaspiy dengizi–Ozarbayjon–Turkiya orqali Yevropaga chiqish imkonini yaratib, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdoni mintaqaviy beqarorlik taʼsiridan himoya qilmoqda.

Uchinchidan, yagona turkiy iqtisodiy makon Yevropa uchun Markaziy Osiyoning ulkan bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirib, muhim mineral resurslar, “yashil” iqtisodiyot va muqobil energiya manbalari bo‘yicha yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ochmoqda.

Shu bilan birga, TDT mamlakatlari sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanishni mintaqaviy integratsiyaning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilamoqda. Bu iqtisodiyotni resurslarga qaram modeldan innovatsiya va yuqori texnologiyalarga tayangan zamonaviy tizimga o‘tkazishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston bu jarayonda alohida o‘rin tutadi. Mamlakat Markaziy Osiyodagi eng yirik demografik salohiyatga ega bo‘lib, turkiy dunyoda aholi soni bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston boy tarixiy va madaniy merosi bilan ham turkiy sivilizatsiyaning muhim tayanchlaridan sanaladi.

Geografik jihatdan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan chegaradosh bo‘lib, mintaqaviy hamkorlik va barqarorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin egallaydi. Xususan, o‘tgan yozda Turkmanistonning Avaza shahrida Gurbanguli Berdimuhamedov, Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama sammit mintaqaviy muloqotni kuchaytirishga xizmat qildi.

Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar esa umumiy turkiy merosning maʼnaviy va ilmiy markazlari sifatida katta ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham turkiy dunyoning boy madaniy va ilmiy merosini namoyon etuvchi muhim maʼnaviy maskanga aylanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish