Budapeshtdan munosabat: TDT sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot sari dadil qadam tashlamoqda

May 16, 2026. 16:30 • 3 daq

94
Budapeshtdan munosabat: TDT sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot sari dadil qadam tashlamoqda

BUDAPESHT, 16-may. /“Dunyo” AA/. Vengriyadagi Lyudovika davlat xizmati universiteti huzuridagi Turkiy tadqiqotlar markazi eksperti David Biro “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining shu yil 15-may kuni Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

– Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti TDT faoliyatini ramziy va siyosiy muloqotdan amaliy hamkorlikka yo‘naltirdi, deyish mumkin. Xususan, yig‘ilishda sun’iy intellekt, raqamli rivojlanish va iqtisodiy muvofiqlashtirish masalalari asosiy mavzuga aylandi. Bu jarayon Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi, doimiy vakillik tizimining joriy etilishi hamda Turkiy investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi bilan uyg‘un holda kechmoqda.

Sammit mavzusining o‘zi ham bugungi talablarga javob beradi. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarga e’tibor qaratilishi TDT uchun nafaqat madaniy yaqinlik, balki raqobatbardoshlik ham muhim ekanini ko‘rsatadi. Zero, turkiy davlatlar davlat boshqaruvini raqamlashtirish, texnologik imkoniyatlarni tenglashtirish, davlat xizmatlari va transchegaraviy savdoni modernizatsiya qilish kabi umumiy vazifalarga duch kelmoqda.

Bu sammit TDT uchun deklarativ bayonotlardan amaliy ishlarga o‘tish imkoniyatini yaratadi. Xususan, u umumiy standartlarni ishlab chiqish, pilot loyihalarni yo‘lga qo‘yish va ma’lumotlarga asoslangan hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.

O‘zbekiston va Prezident Shavkat Mirziyoyev uchun ham mazkur sammit alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston so‘nggi yillarda TDT doirasida strategik sheriklik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, savdoni raqamlashtirish, transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda moliyaviy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha aniq tashabbuslar ilgari surmoqda. Turkistondagi chiqish ham aynan shu yo‘nalishlarni davom ettirishni anglatadi.

2024-yil Bishkek sammitida Turkiy dunyo xartiyasi qabul qilinib, yangi muvofiqlashtiruv mexanizmlari yaratilgan edi. Turkiston sammiti esa ushbu jarayonlarni yangi “yo‘l xaritalari”, amaliy topshiriqlar hamda texnologiya, xavfsizlik va davlat boshqaruvi sohalaridagi hamkorlik orqali yanada rivojlantirishi mumkin.

Sammitning iqtisodiy ahamiyati ham juda katta. Turkiy investitsiya jamg‘armasi bugungi kunda kichik va o‘rta biznes, innovatsiyalar, logistika, AKT va qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim moliyaviy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Agar sammitda raqamli va infratuzilmaviy loyihalar bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishilsa, bu transport yo‘laklari, elektron tijorat, bojxona tizimlarini raqamlashtirish va startap ekotizimlarini rivojlantirishga katta turtki beradi.

Bu ayniqsa, dengizga chiqish imkoniyati cheklangan davlatlar uchun muhim. Chunki raqamli integratsiya orqali tranzaksiya xarajatlari kamayib, O‘rta koridor doirasida o‘zaro bog‘liqlik kuchayadi. Demak, gap nafaqat savdo hajmini oshirish, balki yagona va o‘zaro uyg‘un mintaqaviy makonni shakllantirish haqida bormoqda.

Vengriya ham TDTda muhim kuzatuvchi davlat bo‘lib qolmoqda. 2018-yildan buyon u Yevropa Ittifoqi va turkiy dunyo o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda. Yangi hukumat shakllanishi ma’lum o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq Vengriyaning TDTdan to‘liq uzoqlashishi ehtimoli past. Aksincha, mamlakat investitsiyalar, energetika, transport va sanoat sohalarida yanada amaliy hamkorlikka e’tibor qaratishi mumkin.

Umuman olganda, Turkiston sammiti TDT rivojining yangi bosqichini boshlab berishi mumkin. Agar qabul qilinadigan qarorlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari yaratilsa, tashkilot kelgusida nafaqat madaniy va siyosiy muloqot maydoni, balki amaliy vazifalarni hal qiladigan kuchli mintaqaviy tuzilma sifatida shakllanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish