Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston YEOII bilan hamkorlikni kengaytirishning yangi yondashuvlarini taklif etmoqda

Iyun 01, 2026. 15:25 • 2 daq

66
Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston YEOII bilan hamkorlikni kengaytirishning yangi yondashuvlarini taklif etmoqda

DUSHANBE, 1-iyun. / “Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 29-may kuni kuzatuvchi davlat rahbari maqomida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtiroki xususida fikr bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 29-may kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etishi, kutilganidek, YEOII bilan hamkorlikni kengaytirishga doir yangi yondashuvlarni ilgari surdi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonning YEOII bilan hamkorligini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi beshta amaliy qadamni bayon qildi.

Agar, avval YEOII siyosati uning aʼzoligi qanday afzalliklar berishi mumkinligini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lsa, bugun O‘zbekiston o‘z misolida YEOII bilan hamkorlikni kengaytirishga nisbatan mutlaqo yangi yondashuvni namoyon etmoqda. Yaʼni, boshqa davlatlarni YEOII bilan hamkorlikni kengaytirishga jalb etishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarga eʼtibor qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston va YEOII o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish ustuvorliklarini belgilab beruvchi mazkur beshta amaliy qadam quyidagilardan iborat.

Avvalo, dunyodagi raqamli taraqqiyot surʼatlarini hisobga olgan holda to‘siqlarsiz savdoni taʼminlaydigan yagona raqamli makonni shakllantirish lozim. Shu bilan birga, amalda o‘z samarasini isbotlagan sanoat kooperatsiyasi tajribasiga yangi turtki berish kerak. “Yashil” iqtisodiyot sohasidagi zamonaviy tendensiyalarni inobatga olish hamda milliy elektron bandlik xizmatlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish orqali tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarur. Shuningdek, samarali teskari aloqani taʼminlash maqsadida YEOII davlatlari “Markaziy Osiyo turistik halqasi” turistik yo‘nalishini birgalikda ilgari surishga qiziqish bildirishi lozim.

Fikrimcha, YEOII tomon tashlangan ushbu beshta amaliy qadam YEOII bilan hamkorlikni kengaytirishga nisbatan yangicha qarashni ifoda etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish