Moskvadan munosabat: O‘zbekiston YEOII bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdoridir
May 31, 2026. 12:30 • 2 daq
• 93
MOSKVA, 31-may. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari vazifasini bajaruvchi, Yosh olimlar kengashi aʼzosi Aleksandra Perminova O‘zbekiston Prezidentining 29-may kuni kuzatuvchi davlat rahbari maqomida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishidagi ishtiroki yuzasidan “Dunyo” AA uchun o‘z fikrlarini bildirdi:
— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining Ostonadagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi. 2025-yilning dekabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston YEOII bilan amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish tarafdori ekanini maʼlum qilgan edi. 2021-yildan buyon O‘zbekiston yetakchisi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishlarida muntazam ravishda ishtirok etib kelmoqda.
Bugungi kunda Toshkent bizning umumiy yevroosiyo integratsiyasi loyihasiga savdo, logistika, sanoat kooperatsiyasi va texnologik bog‘liqlik uchun ishchi maydon sifatida yanada diqqat bilan qaramoqda. Bundan tashqari, mamlakat YEOIIning elektron tijoratni rivojlantirish, yuk tashishni raqamlashtirish va iqlim tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha tarmoq dasturlarida allaqachon ishtirok etmoqda.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi maʼlumotlariga ko‘ra, YEOII mamlakatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2025-yil yakunlariga ko‘ra 14,6 foizga o‘sib, 18 milliard dollardan oshdi. Tovar ayirboshlash hajmi bunday ko‘rsatkichlarga chiqayotgan vaziyatda, tomonlar uchun umumiy bayonotlar emas, balki barcha tomonlar uchun foydali va tushunarli bo‘lgan bojxona tartibga solinishi, sertifikatlashtirish va standartlarni sozlash muhimligi ayondir. Ostona va Moskva Toshkentning asosiy tashqi savdo sheriklari hisoblanib, O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi bo‘yicha yetakchilar ro‘yxatida ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallab turibdi.
Qozog‘iston 2026-yilda YEOII organlarida raislik qilmoqda. Ostonadagi forum kun tartibi — raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, davlat xaridlari, texnologik kooperatsiya — YEOII allaqachon kelajak tilida gapirayotganini, ammo shu bilan birga muammolarga ham eʼtibor qaratayotganini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston uchun bu mintaqadagi yangi o‘sish drayverlariga qo‘shilish imkoniyatidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Budapeshtdan munosabat: O‘zbekistonning YEOIIdagi ishtiroki Markaziy Osiyoda strategik hamkorlikni yanada kengaytiradi

Dohada O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi


