Dohada O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi

May 31, 2026. 13:00 • 2 daq

77
Dohada O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi
Dohada O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi
Dohada O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi

DOHA, 31-may. /“Dunyo” AA/. Qatar poytaxtida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi va “Katara Cultural Village” madaniy majmuasi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Qatar davlat vaziri, Milliy kutubxona rahbari doktor Hamad al-Kavariy, “Katara Cultural Village” bosh direktori Xolid as-Sulaytiy, Qatar Milliy muzeyi direktori shayx Abdulaziz bin Hamad Ol Soniy, Islom sanʼati muzeyi vakillari, shuningdek, jamoat va madaniyat arboblari ishtirok etdi.

Mehmonlarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqida maʼlumot taqdim qilindi. Markaz Yangi O‘zbekistonning muhim maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy ramzlaridan biriga aylangani, mamlakatning boy tarixiy va ilmiy merosini ommalashtirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Marosimda so‘zga chiqqan doktor Hamad al-Kavariy loyihaning ahamiyatini yuqori baholab, uning O‘zbekiston madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib etish va mamlakat sayyohlik salohiyatini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini taʼkidladi.

Tadbir doirasida Qatar Milliy kutubxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid noyob qo‘lyozmalar va tarixiy hujjatlar haqidagi videorolik namoyish etildi. Shuningdek, ishtirokchilar eʼtiboriga Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning markazning yaratilish tarixi, uning ko‘rgazmalari hamda O‘zbekiston-Qatar madaniy-gumanitar hamkorligi istiqbollariga bag‘ishlangan arab tilidagi videomurojaati havola qilindi.

Mazkur taqdimot O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi madaniyat, taʼlim, fan va turizm sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash hamda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lgani qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish