Hindistondan munosabat: O‘zbekiston tashqi siyosati milliy iqtisodiy ustuvorliklar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan taraqqiyot diplomatiyasi sari qadam tashlamoqda
Yanvar 18, 2026. 13:27 • 2 daq
• 182
DEHLI, 18-yanvar. /“Dunyo” AA/. Hindistonning “NatStrat” tahliliy markazi katta ilmiy xodimi, doktor Raj Kumar Sharma “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi yakunlari haqidagi fikrlarini taqdim etdi:
- Prezident Shavkat Mirziyoyevning «yangi avlod diplomatlari» masalasiga alohida urg‘u bergani anʼanaviy, protokollarga asoslangan diplomatiyadan qoniqmaslik hamda davlat boshqaruvini amaliy natijalarga yo‘naltirishga bo‘lgan intilishdan dalolat beradi. Diplomatlar endi shunchaki siyosiy vositachi emas, balki davlatning iqtisodiy agentlari sifatida ko‘rilmoqda. Bu vakillik diplomatiyasidan taraqqiyot diplomatiyasiga o‘tishni anglatadi, bunda tashqi siyosat milliy iqtisodiy ustuvorliklar bilan chambarchas bog‘lanadi.
Afrika O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiyasining yangi chegarasi sifatida belgilandi, bu esa mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy doiralardan chiqishga bo‘lgan intilishini ifoda etadi.
Logistika xarajatlarining oshishi O‘zbekistonning tarkibiy zaif nuqtasi sifatida to‘g‘ri tashxis qo‘yilgan. Mamlakat Prezidenti tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, taʼminot zanjirlarini optimallashtirish va Yevropa bozorlariga chiqishga alohida eʼtibor qaratish muhimligini taʼkidladi. Bu O‘zbekistonning global maqsadi — dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatdan transport yo‘laklari orqali butun dunyo bilan bog‘langan iqtisodiyotga aylanish strategiyasiga to‘la mos keladi.
Yana bir muhim jihat - dunyodagi kuchli 100 talikka kiruvchi universitetlar bilan sheriklikka yo‘naltirilgan taʼlim va intellektual diplomatiyasidir.
Elchixonalar akademik integratsiyani taʼminlovchi va bo‘lajak professional mutaxassislar zahirasini shakllantiruvchi kuch sifatida namoyon bo‘lishi kerak. Bu «yumshoq kuch», ko‘nikmalar va innovatsion ekotizimlar uzoq muddatli raqobatbardoshlik uchun naqadar muhim ekanligini anglatadi.
Shuningdek, Prezident xorijiy OAV bilan tizimli hamkorlik qilish va maxsus xalqaro media-loyihalar yaratish zarurligiga to‘xtaldi. Bu diplomatiyada narrativ (axborot yetkazish) kuchi va reputatsiyani boshqarish, ayniqsa, jahonda tanilib borayotgan islohotchi davlat uchun ajralmas qism ekanini tushunishdan dalolat beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarashlari O‘zbekiston tashqi siyosiy tafakkuridagi yuksalishni ifodalamoqda. Yaʼni mamlakatning xalqaro maydonda taniqli bo‘lish va jarayonlarda ishtirok etish darajasidan yuqorilab, taʼsir o‘tkazadigan kuchga aylanish va milliy manfaatlarni qatʼiy himoya qilish mavqeiga erishish maqsad qilinmoqda. Agar ushbu yondashuv samarali amalga oshirilsa, O‘zbekiston Yevroosiyoda va uning tashqarisida ishonchli hamda iqtisodiy jihatdan integratsiyalashgan davlatga aylanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi