Logo

O‘zbekiston TIV: Afg‘oniston rasmiylari o‘zbek tili taqiqlangani haqidagi mish-mishlarni rad etdi

Yanvar 07, 2026. 14:30 • 2 daq

291
O‘zbekiston TIV: Afg‘oniston rasmiylari o‘zbek tili taqiqlangani haqidagi mish-mishlarni rad etdi

TOSHKENT, 7-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi, undan keng va samarali foydalanish hamda ona tilimizni jahon hamjamiyatida munosib targ‘ib etish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir va doimiy eʼtibor markazimizda bo‘lib kelmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV matbuot kotibi Ahror Burxonovning telegram-kanalida berilgan maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilining Afg‘onistonda qo‘llanilishiga go‘yoki cheklovlar joriy etilayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur maʼlumotlar jamoatchilikda tabiiy ravishda muayyan xavotir uyg‘otdi.

Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining masʼul vakillari tezkor ravishda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi bilan vaziyatga oydinlik kiritdi.

Afg‘onistonlik rasmiylar ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, mamlakat hududida o‘zbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklov yo‘qligini qatʼiy taʼkidlab, Afg‘oniston hukumati va xalqi birodar o‘zbek xalqi hamda tiliga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanini alohida qayd etdi.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili maʼlum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakat bo‘ylab oliy taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari peshtoqlaridagi yozuvlarni yagona standart asosida tartibga solish ishlari olib borilmoqda. Mazkur amaliyotga ko‘ra, taʼlim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlar butun mamlakat bo‘ylab uch tilda — pushtu, dariy va ingliz tillarida aks ettiriladi. Shu bilan birga, mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan Samangan universiteti uchun istisno tariqasida yozuvlar pushtu, dariy va o‘zbek tillarida berilishi belgilangan.

Shuningdek, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarning yorqin ifodasi sifatida Afg‘oniston hukumati tomonidan tarixda ilk bor Jouzjon davlat universitetida joriy yildan boshlab magistratura bosqichida “O‘zbek tili va adabiyoti” fakultetini tashkil etish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish