Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston ShHTda Yevroosiyoning muhim transport-logistika markaziga aylanish sari odimlamoqda
Sentabr 03, 2026. 14:00 • 2 daq
• 124
DUShANBE, 3-sentabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya–Tojikiston (slavyan) universiteti professori Rahmon O‘lmasov “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 31-avgust – 1-sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– ShHT arxitekturasida O‘zbekiston strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega. Toshkent uchun ShHT tashqi savdoni diversifikatsiya qilish, transport bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochish, Yevroosiyoda jamoaviy xavfsizlikni taʼminlashga yo‘naltirilgan “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasini amalga oshirishning muhim vositalaridan hisoblanadi.
Tashkilotning 25 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ShHTning Bishkek sammiti yuksak saviyada tashkil etildi. O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning amaliy tashrifi o‘zbek diplomatiyasining ShHT doirasida iqtisodiy va institutsional tashabbuskor sifatida namoyon bo‘lganini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori o‘sish surʼatlarini namoyish etmoqda. Bu esa yangi bozorlarga chiqishni taqozo qiladi. ShHT mamlakatlari bilan savdo aloqalari tashqi iqtisodiy balansni taʼminlaydi.
Sammit doirasida Shavkat Mirziyoyevning XXR Raisi Si Szinpin bilan muhim muzokaralar o‘tkazganini alohida taʼkidlash lozim. Tomonlar yaqin istiqbolda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazishdek ulkan maqsadni belgilab oldi.
BMT Bosh kotibi bilan uchrashuvda ham ko‘p tomonlama sheriklikni kengaytirish hamda global iqlim va gumanitar muammolarni hal etishda ShHT va BMT saʼy-harakatlari sinergiyasi muhokama qilindi.
O‘zbekistonning ShHTdagi asosiy istiqboli – multimodal transport yo‘laklarini yaratish orqali geografik jihatdan yopiqlikdan chiqishdir. Bu borada “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘lini qurish loyihasi markaziy o‘rin tutadi. Ushbu yo‘lak Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlariga boradigan yo‘lni 900 kilometrga qisqartirib, qatnov vaqtini 7–8 kungacha tejash imkonini beradi.
O‘zbekistonning qo‘shma investitsiya platformalari va erkin savdo hududlarini yaratish bo‘yicha tashabbuslari ShHT umumiy bozorini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Strategik maqsad – O‘zbekistonni Yevroosiyoning asosiy transport-logistika xabiga aylantirishdir.
Shu bilan birga, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” magistralining ishga tushirilishi, “Shimol–Janub” yo‘lagi hamda Hind okeani portlariga olib boruvchi transafg‘on yo‘nalishi bilan tutashtirilishi Toshkentni Yevroosiyo yuklari tranziti uchun muhim markazga aylantiradi.
Xulosa qilib aytganda, ShHT modeli ochiqlik va suverenitetni hurmat qilish hisobiga o‘z jozibadorligini oshirmoqda. O‘zbekiston esa yetakchi hududlar – Pekin, Dehli, Moskva va Tehron o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik maqomini shakllantirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi