Islomoboddan munosabat: O‘zbek tili boy lug‘aviy zaxirasi va yuksak badiiy uslubi bilan turkiy tillar orasida alohida o‘rin tutadi

Oktabr 17, 2026. 15:30 • 3 daq

• 88
Islomoboddan munosabat: O‘zbek tili boy lug‘aviy zaxirasi va yuksak badiiy uslubi bilan turkiy tillar orasida alohida o‘rin tutadi

ISLOMOBOD, 17-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokiston Milliy tillarni rivojlantirish departamenti bosh direktori, professor Muhammad Salim Mazhar 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan xalqimizga o‘zining samimiy tabriklarini yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

– Assalomu alaykum, aziz O‘zbekiston xalqi, muhtaram qardoshlar. Sizlarni 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Pokiston Milliy tillarni rivojlantirish departamenti nomidan samimiy muborakbod etaman.

Til – har bir millatning milliy o‘zligi, tarixi, ma’naviyati va madaniy merosini o‘zida mujassam etgan bebaho boylikdir. Ona tili xalqning asrlar davomida shakllangan tafakkuri, urf-odatlari, qadriyatlari va orzu-intilishlarini avloddan avlodga yetkazuvchi buyuk ma’naviy xazina hisoblanadi. Shu bois tilni asrab-avaylash, uni rivojlantirish va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish har birimizning muqaddas burchimizdir.

O‘zbek tili boy lug‘aviy zaxirasi, nafis ifoda imkoniyatlari, yuksak badiiy salohiyati va asrlar osha sayqallanib kelayotgan adabiy an’analari bilan turkiy tillar orasida alohida o‘rin tutadi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi o‘zbek xalqining buyuk mutafakkirlari ijodi orqali yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilgan o‘zbek tili bugun ham ilm-fan, adabiyot, ta’lim va madaniyat sohalarida o‘zining boy imkoniyatlarini namoyon etib kelmoqda.

O‘zbek tili bayrami nafaqat ona tiliga bo‘lgan ehtiromni ifoda etadi, balki milliy merosni asrash, til madaniyatini yuksaltirish va yosh avlod qalbida milliy qadriyatlarga muhabbatni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Pokiston va O‘zbekiston xalqlarini azaldan mushtarak tarixiy ildizlar, boy madaniy meros, ma’naviy yaqinlik va o‘zaro hurmat rishtalari bog‘lab turadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yana-da mustahkamlashda til va adabiyot, ilmiy-ma’rifiy aloqalar hamda madaniy muloqot muhim ahamiyat kasb etadi. Pokiston Milliy tillarni rivojlantirish departamenti sifatida biz turli tillarni asrash, rivojlantirish, ularning madaniyatlararo muloqotdagi o‘rnini mustahkamlash va tillar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhim vazifalardan biri deb bilamiz.

Fursatdan foydalanib, o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uning boy imkoniyatlarini keng targ‘ib etish va uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida mehnat qilayotgan barcha olimlar, ziyolilar, pedagoglar, tarjimonlar, ijodkorlar hamda til fidoyilariga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Ayyom arafasida barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, farovonlik va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. O‘zbek tilining nufuzi doimo yuksalsin, shuhrati va jozibasi jahon miqyosida yana-da keng tarannum etsin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish