Polsha Seymi deputati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi
Iyul 05, 2026. 16:10 • 2 daq
• 3
VARSHAVA, 5-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Amirsaid Aʼzamxo‘jayev shu yil 7–11-iyul kunlari yurtimizda o‘tkaziladigan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida Polsha delegatsiyasining ishtiroki yuzasidan Polsha Seymi (quyi palata) deputati, sobiq tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida parlament aʼzosi 2022-yilda davlatimiz rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvni iliq xotirladi. Prezidentimizning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdagi beqiyos o‘rnini yuksak baholadi.
Shu bilan birga, u so‘nggi yillarda mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi davlatlardan biriga aylanganini alohida taʼkidladi.
Suhbatdoshning qayd etishicha, respublikamizda barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlashning eng muhim omillaridan biri jamiyatda ijtimoiy uyg‘unlik va aholi o‘rtasida hamjihatlik muhitining qaror topganidir.
Zbignev Rau O‘zbekistonda kuzatilayotgan yuqori demografik o‘sish surʼatlarini yuksak baholab, mazkur tendensiya mamlakatning nafaqat Markaziy Osiyodagi, balki xalqaro maydondagi geosiyosiy nufuzini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, fan va madaniyat sohalaridagi aloqalarni faollashtirish hamda ushbu yo‘nalishlarda tizimli hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi