O‘zbekiston aviayuk tashish surʼatlari bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchiga aylandi

Iyul 05, 2026. 16:40 • 3 daq

O‘zbekiston aviayuk tashish surʼatlari bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchiga aylandi

O‘Sh, 5-iyul. /“Dunyo” AA/. So‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida havo orqali yuk tashish hajmi eng yuqori surʼatlarda o‘sgan davlatga aylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Economist.kg” moliyaviy nashriga tayanib.

Nashr maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi besh yilda Markaziy Osiyoda aviayuk tashishning umumiy hajmi ikki barobardan ko‘proq oshgan. Taqqoslash uchun, dunyodagi eng yirik aviayuk markazlaridan biri hisoblangan Gonkongda mazkur ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa, Yevropaning asosiy yuk aviatsiyasi xabi Frankfurtda tashish hajmi qariyb 5 foizga kamaygan.

Mutlaq ko‘rsatkichlar bo‘yicha mintaqada yetakchilik Qozog‘istonga tegishli bo‘lib, 2019-yilga nisbatan ushbu mamlakatda qabul qilingan, jo‘natilgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tranzit yuklar hajmi 149 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, 182 foizlik o‘sishni qayd etgan O‘zbekiston mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha Qirg‘izistonni ortda qoldirdi. Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) bu natijani transport va aeroport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan faol investitsiyalar bilan izohlamoqda.

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyoda aviayuk tashish hajmining o‘sishida asosiy omil to‘g‘ridan-to‘g‘ri tranzit hisoblanadi. Bunda yuklar aeroportlar orqali bojxona rasmiylashtiruvisiz tashiladi. Bu amaliyot tarixan AQSHning Ankorij shahri orqali amalga oshirilgan texnik qo‘nish modeliga o‘xshash tizim asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Natijada to‘g‘ridan-to‘g‘ri tranzitning umumiy aviayuk tashish hajmidagi ulushi 59 foizdan qariyb 65 foizga yetdi. Shu bilan birga, xalqaro kiruvchi va chiquvchi yuk tashish hajmi ham o‘sishda davom etmoqda. Kiruvchi yuklar hajmi hanuz chiquvchi yuklardan yuqori bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, chiquvchi tashuvlarning jadal o‘sishi mintaqa endi faqat texnik tranzit nuqtasi emas, balki Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi yuk oqimlarini jamlash markaziga aylanayotganini ko‘rsatmoqda.

Havo hududiga qo‘yilgan cheklovlar sababli ko‘plab aviakompaniyalar o‘z marshrut tarmoqlarini qayta shakllantirmoqda. Bu esa Markaziy Osiyoning xalqaro logistika tizimidagi ahamiyatini yana-da oshirmoqda. Xususan, so‘nggi besh yil ichida mintaqaning Gonkongga nisbatan ulushi taxminan o‘ndan bir qismdan qariyb beshdan bir qismgacha, Frankfurtga nisbatan esa beshdan bir qismdan kam ko‘rsatkichdan ikkidan besh qismdan ortiq darajagacha o‘sgan.

Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) ekspertlari fikricha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tranzitning iqtisodiy samarasi nisbatan cheklangan. Biroq kiruvchi, chiquvchi va tutash yuk tashish hajmining barqaror o‘sishi uzoq muddatli istiqbolda aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, logistika xizmatlari sifatini oshirish hamda Markaziy Osiyoning xalqaro transport-logistika salohiyatini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish