Lahorda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi – Panjob” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Iyul 05, 2026. 15:40 • 3 daq

28
Lahorda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi – Panjob” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

LAHOR, 5-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning Panjob provinsiyasi markazi – Lahor shahrida “Qoraqalpog‘iston Respublikasi – Panjob” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Pokistonga amaliy tashrifi doirasida tashkil etildi.

Panjob savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan forumda kimyo, chorvachilik, to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi 50 dan ortiq yirik kompaniya va biznes vakillari ishtirok etdi.

Iqtisodiy forumda Alisher To‘xtayev O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida so‘nggi yillarda izchil rivojlanayotgan strategik sheriklik munosabatlari hududlararo hamkorlikni yana-da faollashtirish uchun mustahkam zamin yaratayotganini taʼkidladi.

Qoraqalpog‘iston va Panjob provinsiyasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, logistika va transport sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish ikki tomon uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Farhod Ermanov Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy imkoniyatlari, boy tabiiy resurslari, qulay investitsiya muhiti hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Taʼkidlanganidek, Qoraqalpog‘istonda sanoatni diversifikatsiya qilish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan Pokiston ishbilarmon doiralari vakillari hududga investitsiya kiritish, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga taklif etildi.

Shuningdek, Farhod Ermanov Panjob ishbilarmonlarini shu yil iyul oyida Qoraqalpog‘istonga biznes-missiya bilan tashrif buyurishga taklif qildi.

Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston vakillari tomonidan hududning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda erkin iqtisodiy va industrial zonalarda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, charm-poyabzal va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalaridagi istiqbolli investitsiya loyihalari haqida maʼlumotlar taqdim etildi.

Biznes-forum doirasida davlat idoralari va biznes vakillari o‘rtasida G2B va B2B formatlarida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan bir qator kelishuvlarga erishildi.

Forum yakunida Qoraqalpog‘iston va Panjob provinsiyasi o‘rtasida investitsiyalarni jalb qilish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va ishbilarmonlik munosabatlarini yana-da rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Rakhataliyeva

rakhataliyeva@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish