Misr kompaniyasi O‘zbekistondagi qurilish loyihalariga qiziqish bildirdi
Iyul 30, 2026. 19:23 • 2 daq
• 52
QOHIRA, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Misrning “Friends for Engineering & Contracting” yetakchi qurilish kompaniyasi direktori Muhammad Sulton hamda biznes menejeri Voil Abu Bakr bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv chog‘ida kompaniya vakillari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni hamda mamlakatda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhitni alohida qayd etdi.
Ular O‘zbekiston bozoriga kirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish, ilg‘or muhandislik va qurilish yechimlarini joriy etishdan chin dildan manfaatdor ekanliklarini taʼkidladi.
Tomonlar O‘zbekiston hududida zamonaviy mehmonxonalar, turar-joy majmualari va infratuzilma obyektlarini barpo etish loyihalarini amalga oshirishda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Kompaniya vakillari loyihalarni amalga oshirishning o‘zaro manfaatli mexanizmini taklif etdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni tegishli yer uchastkasini ajratadi, “Friends” kompaniyasi esa loyihalashtirish va qurilishning to‘liq bosqichini o‘z zimmasiga oladi, shuningdek, loyihani o‘zining sarmoyaviy mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishni taʼminlaydi.
Uchrashuv yakunida kompaniya vakillari taklif etilayotgan loyihalarni batafsil muhokama qilish va aniq sarmoyaviy takliflarni tayyorlashini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi