Logo

“Kyiv Diplomatic”: Xorijlik ekspertlar Temuriylar davri merosiga yangicha nigoh bilan qaramoqda

Aprel 26, 2026. 12:30 • 2 daq

128
“Kyiv Diplomatic”: Xorijlik ekspertlar Temuriylar davri merosiga yangicha nigoh bilan qaramoqda

KIYEV, 26-aprel. /“Dunyo” AA/. Ukrainaning “Kyiv Diplomatic” jurnalida “Xalqaro ekspertlar Temuriylar davrini qayta talqin qilmoqda” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda dunyo hamjamiyatida Temuriylar davriga nisbatan an’anaviy qarashlar o‘zgarmoqda. Endilikda, asosiy e’tibor Sohibqironning nafaqat harbiy va siyosiy faoliyatiga, balki uning fan, madaniyat hamda davlatchilik asoslarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasiga qaratilmoqda. Ko‘plab olimlar XIV–XV asrlarni keng ko‘lamli intellektual islohotlar davri sifatida baholab, uni “Ikkinchi Renessans” deb atamoqda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilgan va Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bu masalalarni muhokama qilish uchun asosiy maydonga aylandi. Forumda ICESCO, Oksford islom tadqiqotlari markazi, IRCICA va Al-Furqon jamg‘armasi kabi nufuzli tashkilotlardan iborat 20 dan ortiq davlatning 300 nafarga yaqin ekspertlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida Temuriylar Renessansi mamlakat tarixining eng muhim bosqichlaridan biri ekani ta’kidlanib, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga chaqirildi.

Nashrning xulosa qilishicha, Temuriylar davrining me’morchilik, san’at va milliy o‘zlikni shakllantirishdagi ta’siri hamon jahon sivilizatsiyasining muhim qismi bo‘lib qolmoqda. Konferensiya yakunida xalqaro akademik aloqalarni mustahkamlash va nodir qo‘lyozma merosini asrab-avaylash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish