O‘zbekiston delegatsiyasi Atirau va Oqtovda madaniy tadbirlarda qatnashdi
Aprel 22, 2026. 14:25 • 2 daq
• 135OQTOV, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida Atirau va Aktau shaharlarida Navro‘z ayyomi hamda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Atirau shahrida o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etish uchun O‘zbekistondan “Vatandoshlar” jamoat fondi, davlat filarmoniyasi, Qoraqalpog‘iston davlat akademik musiqali teatri va “Madaniyat va maʼrifat” telekanali vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Shahardagi Xalel Dosmuxamedov nomidagi universitetda tashkil etilgan tadbirda mahalliy hokimiyat vakillari, keng jamoatchilik va 200 nafarga yaqin vatandoshlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar Amir Temur va temuriylar davri hamda bahor ayyomi – Navro‘z bayrami tarixi va ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Uchrashuvda konsert dasturi namoyish etilib, tadbir mehmonlari uchun milliy o‘zbek taomlari tortildi.
Ushbu universitetda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuvda xorijdagi yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi. Namoyish etilgan “Elparvar” filmi yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Ishtirokchilar ushbu oliy taʼlim muassasasida “O‘zbek tili va adabiyoti xonasi” ochish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Oqtovda bo‘lib o‘tgan madaniy-maʼrifiy tadbir ham yuksak saviyada tashkil etildi. Shahardagi Kaspiy texnologiyalar va injiniring universitetida o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda talabalarni qo‘llab-quvvatlash, stipendiyalar, ish bilan taʼminlash va stajirovka dasturlari haqida maʼlumot berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari Mang‘istau viloyati kutubxonasiga ham tashrif buyurib, u yerda tashkil etilgan o‘zbek adabiyoti burchagi bilan tanishdi. Kutubxona rahbariyati o‘zbek adabiyotiga qiziqish ortib borayotganini taʼkidladi.
Oqtovdagi “Do‘stlik uyi”da o‘tkazilgan Navro‘z va Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida diplomatik korpus diplomatlari, turli millat madaniy markazlari vakillari hamda yurtdoshlarimiz qatnashdi.
Tadbir davomida mahalliy o‘zbek va qoraqalpoq etnomadaniy birlashmalariga “Vatandoshlar” jamg‘armasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



